OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Oriyat (hikoya)

Zohir majlisxonaga kirayotib soatiga qarab qo‘y­di. Hali uchrashuviga ancha vaqt bor. Majlis nari borsa ikki-uch soat davom etishi mumkin. Bemalol ulguradi. Ammo oldindan aniq bir narsa deyish qi­yin. Mabodo majlis cho‘zilib ketsa Zulxumor kutib turarmikin? Ko‘zni shamg‘alat qilib zaldan chiqib ke­tish qiyin. Bosh­qarmaning yaqinda tayinlangan yan­gi boshlig‘ini juda qattiqqo‘l, so‘kong‘ich deyishadi. Hozirgi odamlarni urmasang, so‘kmasang ishlamaydi deya tap tortmay, ochiq aytaverar ekan. Zohir bunaqa ish uslubini hazm qilolmaydi. Ursang beti, so‘ksang eti qotadi. Bora-bora odamlarga oddiy gap ham ta’sir qilmay qo‘yadi. Yaxshi gap bilan ham ishlash, ishlatish mumkin-ku. Mana, kichkina bir korxonaga ikki yildan buyon rahbarlik qilyapti, hali bironta odamni so‘kish u yoqda tursin, senlagani ham yo‘q. Harqalay, birovdan oldin, birovdan keyin degandek, ishi yurishib turibdi.
Zalda odamlar yig‘ila boshladi. Zohir odatiga ko‘ra orqa qatorga borib o‘tirdi. Shunisi qulay, rah­barning ko‘zidan pana. Qiziq, boshqalar ham negadir orqa qatorni afzal ko‘rishardi.
Nihoyat, majlis boshlanadigan vaqt ham bo‘ldi, ammo yangi boshliqdan hamon darak yo‘q. Zohir shunday palla rahbarlar haqida aytiladigan gapni esladi: “Rahbar kech qolmaydi, ushlanib qolishi mumkin”. To‘g‘ri-da, rahbar bo‘lish hech qachon oson bo‘lmagan, har qadamda ming bitta tashvish-muammo ko‘ndalang tu­radi. Keyin, rahbarning ham rahbari bor. O‘zidan kat­taroq rahbar mudom tepasida qilich o‘ynatib turadi: undan qo‘rqadi. Qo‘rqmay ko‘rsin-chi. Yursa-tursa unga yoqishni, loaqal jahlini chiqarmaslikni o‘ylaydi. Butun sa’y-harakat shunga qaratiladi. Uyqusida ham halovat bo‘lmaydi. Ajabo, xom sut emgan banda shularni ko‘ra-bila turib yana nega rahbarlikka qiziqarkin?
Xo‘sh, o‘zi-chi? O‘zi ham endi kichik bo‘lsa-da rahbar-ku! U bu lavozimni boshqalarga o‘xshab ot solib, o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib olgani yo‘q. Hayotda istisno holatlar ham bo‘larkan-da. Layoqati, mehnati ma’qul tushgandirki shu ishni topshirishdi. Yo‘q deya olmadi. Mabodo bir kunmas bir kun amaldan ketsa ham alam qilmaydi, boshqalarga o‘xshab achchiq qalampir chaynamaydi.
Zohirning xayoli bo‘lindi. Yig‘ilganlar birin-ketin o‘rnidan tura boshladi. Zalga katta rahbar kirib kelayotgandi. Qo‘lida semizgina papka. U to‘g‘ri borib hay’at stoliga o‘tirdi. Yonidan boshqa mulozimlar joy egallashdi. Ulardan biri, bo‘yinbog‘i qiyshayibroq qolgan tepakal odam o‘rnidan turib qisqacha nutq irod qilgach, markazdan kelgan hurmatli rahbarga so‘z berdi. Rahbar ma’ruza matni solingan papkasini qo‘liga olib, shoshilmay minbarga chiqdi va qiroat bilan so‘z boshladi. Yillik ish natijalari haqida juda uzoq gapirdi, turli raqamlarni tilga oldi.
Zohir zerikib, ensasi qotdi. Sekin yon-atrofiga razm soldi. Boshqalar ham allaqachon mudray boshlagan edi.
 “Hammaga ma’lum bu gaplarni hozir, shu yerda aytish shartmikin? Texnika rivojlangan, axborot al­­mashish osonlashgan zamonda odamlarning vaqtini behuda olmaslik uchun ma’ruza matnini oldindan tarqatib, majlisni muzokaradan boshlash ham mumkin edi-ku!”
“Unda rahbar o‘zini, o‘z qudrati-ustunligini qan­day namoyon qiladi?”
“Tamomila yangicha ish usuliga o‘tish kerak”.
“Biz hali bunga tayyor emasmiz. O‘zimizga xos, o‘zimizga mos yo‘limiz bor”
“E darvoqe...”
Rahbar zalda mudray boshlaganlarning ko‘zini ochib qo‘yishga chog‘landi shekilli, umumiy gaplarni yig‘ishtirib, tanqidga o‘tdi. Mudrayotganlar nogoh sergak tortishdi. Rahbar shunchaki tanqid, tanbeh bilan cheklanmasdi. Nomi tilga olingan rahbarchalarni “Falonchiev, tur o‘rningdan!” deya, jerkib-siltab o‘rnidan turg‘izar, ayovsiz so‘kar edi. Bechora rahbarchaning esa boshi xam, yer suzgancha miq etmay turaverardi. Katta rahbar yoshi o‘zidan ancha kattaroq rahbarlarni ham ayab o‘tirmasdi.
Zohir yangi rahbar ishtirokidagi majlisda birinchi bor qatnashishi edi.U haqda eshitgan gaplar yana birma bir xayolidan o‘tdi.
“Yo tavba! Nega bu odamlar shuncha haqorat, so‘­kishlarni eshitsa ham churq etib og‘iz ochmaydi? Baqani ham bosib olsang "vaq" deydi-ku! Nahotki hammasining tili qisiq bo‘lsa? Amal shunchalik shirinmi? Ajabo, rahbar ursa, so‘ksa “xayriyat” deydiganlari ham bo‘­larkan. Jaydari mantiqqa ko‘ra, rahbar urib, so‘kib tursa ishdan bo‘shatmas ekan, indamay qo‘ysa yomon emish...”
Zohir beixtiyor maktabda adabiyot muallimi bilan bo‘lgan savol-javobini esladi.
“Nega Pushkin, Lermontov kabi shoirlar bevaqt o‘lib ketishgan? Ular nima uchun duelga chiqishgan?”
“Ular oriyat uchun, or-nomus uchun kurashishgan. Ha, oriyat uchun kurashadigan zamonlar, odamlar ham bo‘lgan. Biz suyib o‘qigan”Alpomish” ham aslida oriyat haqidagi dostondir.”
Shundan so‘ng “oriyat” degan so‘z ongu shuurining bir chetiga o‘rnashib qoldi. Poytaxtga kelib, institutga o‘qishga kirayotganda otasi qishloqdan “Oriyat uchun kurashgin, o‘g‘lim!” deya xat yozardi. O‘z kuchi bilan o‘qishga kirganida otasining ana o‘sha daldasi-da’vati ham yordam berganiga ishonchi komil edi. O‘sha yillar o‘qishga kirolmay qolish uyat hisoblangan, o‘qishdan yiqilib kelganlar oylab ko‘chaga chiqolmay qolardi.
– Mamatov, tur o‘rningdan!
Xayoli bo‘lingan Zohir cho‘chib o‘rnidan turdi. Rah­bar ko‘ziga tik qarab, zug‘um qilishga shaylanib turardi. U Zohirning ham boshqalar kabi mulzam tortib, yerga qarashini kutdi chog‘i, shaylanib-xezlanib, bir lahza jimib qoldi. Ammo bu yigit negadir ko‘zini olib qochmadi. “Xo‘sh, nima deysiz? Tilim qisiq joyi bormi?” degandek ko‘zini lo‘q qilib turaverdi. Qo‘l ostidagilardan faqat “xo‘p” deyishni kutib o‘rgangan rahbar kutilmagan jur’atdan andak taraddudlanib qoldi.
– Mamatov! Sen...
– Shoshmang! – Zohir rahbarga tik qarab, shartta gapini bo‘ldi.
– Nima deding?
– Shoshmang deyapman! – Zohir bosiq, ammo qat’iy ohangda gapirdi. – Agar so‘kadigan bo‘lsangiz, men ham javob qaytaraman! Bilib qo‘ying!
Rahbar hang-mang bo‘lib qoldi.
Zalda jonlanish, pichir-pichir boshlandi. Bunday holatning uzoq davom etishi mumkin emasdi. Rahbar sinalmagan otning sirtidan o‘tib, obro‘sini tushirgisi kelmadi, shekilli, shaytonga hay berib, alamini ichiga yutdi.
– Sen...g‘alati ekansan-ku, – dedi rahbar shashti pasayib. – Mayli, o‘tir, o‘tir, sen bilan keyin... gap­lashamiz...
Zohir yengil tin olib, joyiga qayta cho‘kdi, "qil­ko‘prik"dan o‘tib olganiga ishonib-ishonqiramadi. Ro‘­molchasini olib, peshonasidagi terlarni artarkan, beixtiyor atrofga boqdi. Shivir-shivirlar hamon davom etardi. Nazarida, hamma unga xuddi qanotli tuya ko‘rgandek taajjublanib, endi bu yog‘i nima bo‘larkin deya qiziqsinib qarayotgandek tuyuldi.
“Mumkin ekan-ku! Endi nima bo‘lsa bo‘lar, osmon qo‘lida bo‘lsa tashlab yuborsin. Olsa ishini olar, jonimni olmaydi-ku!..”
Rahbarning keyingi gaplari qulog‘iga kirmadi. Keyingi gaplarning qizig‘i-salmog‘i ham qolmadi. Muvozanatini yo‘qotgan rahbar endi hech kimni so‘kmadi, so‘kolmadi. Endi Zohirning o‘sha bir og‘iz gapi og‘izdan-og‘izga o‘tib, turli mish-mish, shov-shuvlarga sabab bo‘­ladi. Zohirning o‘zi salkam qahramonga aylanadi. Ayni chog‘da hamkasblar uning necha kundan keyin ishdan ketishini o‘zaro qizg‘in muhokama qilishadi.
“E qoyil! Bopladi! Oriyatli, g‘ururli ekan”.
“Hozir g‘urur bilan bola-chaqa boqib bo‘lmaydi. O‘ziga tashvish orttirib oldi”.
“Endi ishdan ketadi. O‘ynashmagin arbob bilan...”
“Ishdan ketsa nima bo‘pti? O‘lib qolmas. Qaytangga hammaga saboq bo‘ldi.”
Majlisda tanaffus e’lon qilindi. Odamlar diqqinafas zaldan tashqariga oshiqishdi. Zohir chekuvchilar burchagiga borib, sigareta tutata boshladi. Yoniga kelgan kashandalar negadir unga qarashmas, xuddi uni ko‘rmagandek sekin o‘girilib olishardi. Yana boshqa kashandalar ham kelib qo‘shila boshlagach, ular saf tortib, alohida davra qurishdi. Zohir bir chetda qolib ketdi, uni safdan chiqarib qo‘yishdi, unga hech kim e’tibor qilmadi. U endi bir zumda ola qarg‘aga aylanib qoldi.
Zohir soatiga qaradi. Uchrashuvga yarim soat qol­gan edi. Agar majlisning davomiga kirsa ulgurolmaydi. Ustiga-ustak ko‘ksini ezg‘ilayotgan g‘ashlik tobora kuchayar, tezroq bu yerdan ketgisi kelar edi. Uni boyagi to‘qnashuv oqibatida miyasiga bolg‘adek urilayotgan “Endi bu yog‘i nima bo‘larkin” degan tashvishgina bezovta qilmayotgandi. Hamkasblarning darrov to‘nini tes­kari kiyib olganini ham bir amallab hazm qilishi mumkin edi. Uni xom sut emgan banda tabiatidagi o‘sha ko‘hna noqislik g‘ussali o‘yga toldirgandi. Noxushlikni bir lahza bo‘lsa-da xayoldan chetlatgisi keldi, hozir bo‘ladigan uchrashuvni, so‘ng Zulxumorning kulib turgan yoqimli chehrasini ko‘z oldiga keltirdi. Yuragi bir orziqib ketdi. Adog‘i yo‘q kundalik ishlar bilan andarmon bo‘lib, qizni anchadan buyon ko‘rolmaganini eslab, afsuslandi. Nazarida, bugungi uchrashuv ko‘p narsani hal qiladigandek edi. Zulxumor bilan anchadan buyon uchrashib yursa-da, negadir ko‘nglini ochib, hali muhabbat izhor qilmagan, nazarida, bunga hojat ham yo‘qdek edi. So‘zsiz anglashiladigan muhabbatning qadri baland bo‘ladi deb o‘ylardi. Ayni chog‘da qiz o‘sha bir og‘iz so‘zni kutayotgandek tuyular, shuni aytmasa boyoqishning ko‘ngli joyiga tushmaydigandek edi. Bugun agar mavridi kelsa, ko‘zini chirt yumib aytadi. Buning uchun botirroq bo‘lishi, botir bo‘lish uchun esa ozroq ichib olishi kerak. Demak, qizni restoranga taklif etadi. Bir marta shohona ziyofat qilsa nima bo‘pti? Cho‘ntagi ko‘taradi – kecha maosh olgan.
Hamma majlisga kirib ketgan, uzun, keng yo‘lakda bir o‘zi qolgan edi. Zalga bir qarab qo‘ygach, keskin qo‘l siltab, tashqariga chiqdi.
Bahorning ilk kunlari. Havo salqin. Bulutlar orasidan goh ko‘rinib, goh g‘oyib bo‘lib, xiragina shu’la taratayotgan quyoshning tafti deyarli sezilmaydi. Daraxtlarning ko‘kka bo‘y cho‘zgan yalang‘och novdalari hali kurtaklardan marjon taqib ulgurmagan. Kuzda uzilib tushmagan yakkam-dukkam, qorayib bujmaygan yaproqlar izg‘irinli shabbodada zaifgina tebranadi.
Zohir soatiga qaradi. Uchrashuvga o‘n daqiqa vaqt qolgan edi. Shoshilmasa bo‘lmaydi. Katta yo‘l chetiga o‘tib, taksi tutish uchun qo‘l ko‘tardi. Birinchi to‘xtagan mashinaga shoshilinch o‘tirdi.
Favvora yonida tushib qoldi. U yerda hech kim yo‘q­ligini ko‘rib, yengil tortdi. Mabodo qiz undan oldin kelganda xijolat bo‘lishini o‘yladi. Qora marmartosh bilan o‘ralgan favvora atrofida aylanib, kuta boshladi. Yozda bu yer dam oluvchilar, ayniqsa, bolakaylar bilan gavjum bo‘lishi xayolidan o‘tdi.
– Ko‘p o‘ylayvermang, sochingiz oqarib ketadi.
Zohir tanish ovozni eshitib, beixtiyor ortiga o‘girildi. Qarshisida qora sumkachasini bilagiga tashlagan, binafsharang ro‘moli chetidan peshonasiga ma­yin sochlari tushib turgan Zulxumor kulimsirab qarab turardi.Qizning ochiq chehrasi yanada ko‘rkam-chiroyli ko‘rindi. Zohirning yuragi bir hapriqdi. Shoshib qiz­ning istiqboliga oshiqdi.
– Erkaklarning sochini ayollar oqartiradi, – Zo­hir qizning gapiga hazilomuz javob qilgan bo‘ldi. – Darvoqe, oxirgi imtihonni topshirvoldingizmi?
– Ha, topshirdim, – dedi qiz og‘ir so‘lish olib.
– Juda yaxshi! – Zohir qo‘llarini bir-biriga ish­qaladi. – Unda yuvish kerak.
– Bunaqa odatingiz yo‘q edi, shekilli.
– Bugun men ham bir imtihondan o‘tdim. Ikkala voqeani qo‘shib yuvamiz. Odamlarga o‘xshab biz ham bir miriqaylik.
– Tushunmadim, qanaqa imtihon? Nima, kattaroq ishga ko‘tarildingizmi?
– Yo‘q, bu yog‘i...aksincha bo‘lishiyam mumkin.
– Qiziq, – dedi qiz hayron bo‘lib, – gaplaringiz sir­li-jumboqli. Ishqilib, yana qovun tushirib qo‘y­madingizmi?
– Bu endi...qanday tushunishga bog‘liq, – Zohir qiz­ga o‘ychan tikilib qoldi. – Dunyoda hech nima yaxshi yoki yomon bo‘lishi mumkin emas, hammasi biz bunga qanday qarashimizga bog‘liq. Mashoyixlar shunday degan.
– Ko‘p o‘qigan, ko‘p biladi. – Qiz yigitga mehri iyib qaradi. – Siz ko‘p o‘qigansiz, ko‘p bilasiz. Sizga ha­­vasim keladi.
– Afsuski, bilim hamisha saodatga eltavermaydi. Aqllilik balosi degan gaplar ham bor.
– Bunisini tushunmadim, – dedi qiz nozik yelkasini qisib. – Qaytanga aqlli bo‘lish yaxshi emasmi?
– Aqlli, dono odamlarga hech qachon oson bo‘lmagan.
– Sizga ham...oson bo‘lmasa kerak.
– Men o‘zimni donolar qatoriga qo‘shmoqchi emasman. Ammo... – Zohir ortiq bu mavzuda gapirgisi kelmadi. Hozir jiddiy gaplarning mavridi emas. Endi falsafa so‘qishni bas qilib, suhbatni restoranda davom ettirsak. Ko‘nglimda hali sizga aytadigan, aytib qo‘yishim lozim bo‘lgan ancha-muncha gaplar bor.Ayrim gaplarim sizga yoqmasligi ham mumkin.
– Meni cho‘chityapsiz. – Qiz yigitga hadiksirab qa­radi.
– Qo‘rqmang, Zulxumor, men hech qachon sizni xafa qilmayman, hafa qildirib ham qo‘ymayman! Shoir aytganidek, “Men seni injitmayman va lekin tinchitmayman”.
Zohir qizning tirsagidan avaylab ushladi.
Ular serqatnov yo‘l chetidagi keng yo‘lakdan sekin yurib ketdilar.
Shahar oqshomgi hayot og‘ushiga cho‘ka boshladi. Birin-ketin yongan sutrang chiroqlar shu’lasi tevarak-atrofni xiragina yoritdi. Quvlashmachoq o‘ynayotgandek to‘xtovsiz, g‘iz-g‘iz o‘tayotgan mashinalar qayoqqadir shoshayotganga o‘xshardi.
Zohir keyingi chorrahadan o‘ng tomonga ellik qa­damcha yurilgach, ixcham va fayzli restoran borligini bilardi. Qizni to‘g‘ri shu yerga boshladi.
Restoran eshikog‘asi ularga yengil ta’zim qilgach, tavoze bilan ichkariga ishora qildi. Foye yonidagi kiyimxonada yechinishgach, katta, asosiy zalga o‘tishdi. Qandaydir xorijiy musiqa xuddi olisdan taralayotgandek yengil aks-sado berardi. Maxsus kiyimdagi xizmatchilardan biri ularni chetroqdagi bo‘sh stolga boshladi. Cho‘g‘day qip-qizil gilamdan yurib ketishdi.
Chap tomondagi uzun stolda o‘n-o‘n besh chog‘li yigitlar chaqchaqlashib, xursandchilik qilishardi. Chamasi, ziyofat avj nuqtasiga ko‘tarilgan, kayfi oshibroq qolgan ulfatlar yonidagi sherigining yelkasiga qo‘l tashlagancha, “Men senga aytsam!..” degan o‘sha ko‘hna diydiyoni boshlab yuborgan edi. Dasturxonda bo‘shatilgan oq, qizil ichimlik shishalari dumalab yotar, kuldonlar sigaret qoldiqlari bilan to‘lib ketgan edi.
Zohir ularga birrov qarab qo‘ygach, yana yo‘lida davom etdi. Shu mahal davradan kimdir ma’nodor tomoq qirdi, so‘ng Zulxumorga ko‘zini lo‘q qilib, gap otdi:
– O‘-ho‘! Zo‘r narsa ekan-ku! Bizga ham bo‘larmikin?
– E-e, yaxshi gap bo‘lmadi-ku! – Zohir boshiga tepchib chiqqan g‘azabini ichiga yutib, darhol javob qildi. Javobi yetarli emasligini anglab, battar xit bo‘ldi. U bu gapni shunchaki o‘zicha aytdimi yoki o‘sha shilqim eshitsin dedimi – o‘zi ham bilmas, ammo bu gapni ovoz chiqarib, dadil aytdi. Keyin ko‘rsatilgan stolga borib o‘tirishdi. Yuragi gursillab urar, titrog‘i bosilmagan edi.
– Yuzingiz oqarib ketibdi, – dedi Zulxumor sarosimalanib. – Qo‘ying, haligi gapga parvo qilmang, o‘lib ketsin.
Zohir indamadi. Alami ichida edi. Shilqimga munosibroq zarba berolmaganidan afsuslanar edi. Yana nimadir qilishi lozimdek tuyulardi.
To‘g‘ri, ular ko‘pchilik, bir o‘zi bas kelishi qiyin. Ammo kaltak yesa ham, o‘lib qolsa ham, o‘sha shilqimning basharasiga yaxshilab bir musht tushirishi kerak edi. Bunaqa nusxalar bilan faqat ularning tilida gaplashish kerak. Egri qoziqqa egri to‘qmoq. Afsuski, bizda duelga chiqish mumkin emas. Qaytangga ilgari yaxshi bo‘lgan ekan...
Ovqatlanishayotganda ham Zohirdan sado chiqmadi. Zulxumor unga g‘alati qarab qo‘ydi.
– Iltimos, endi sal qovog‘ingizni oching, – dedi qiz iltijo bilan termulib. – Bu yerga nega keldik o‘zi?
– Nima uchun kelganimizni... aytaveraymi? – Zohir kulimsirab gapirdi.
– Aytavering! – Zulxumor yigitning chehrasi ochilganidan dadillandi.
– Bu gapni aytish uchun sal botirroq bo‘lib olishim kerak, – dedi Zohir va oldidagi ichimlikka qo‘l uzatdi. – Ruxsat bersangiz.
– Mayli, – Zulxumor noiloj rozi bo‘ldi. – Faqat, ko‘p ichvormang. Mast bo‘lib qolsangiz sizni ko‘tarib ketolmayman.
– Bunisidan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin.
– Ko‘p maqtanavermang.
– Rost, mana ko‘rasiz. – Zohir qadahga to‘latib aroq quydi. Qizning ichmasligini bilsa ham bir og‘iz manzirat qilib qo‘ydi. – Sizga ham ozgina...
– Yo‘q-yo‘q, siz...bemalol, – qiz shoshib qadah­ning ustini qo‘li bilan to‘sdi. – Faqat mast bo‘lmas­li­gin­gizni bugun isbotlashga urinmang.
– Xo‘p, xo‘p, sizning sog‘ligingiz uchun! – Zohir qa­dahni bir ko‘tarishda bo‘shatdi. Ovqatdan ozgina totingach, yana ichdi. Ichi qizib, yengil tortdi, boyagina ko‘nglini g‘ash qilayotgan xijillik ham qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Nogoh Zulxumorga gap otgan o‘sha ulfatlar orasidan kimdir unga qattiq tikilib turganini ko‘rib qoldi. Beixtiyor seskanib, hushyor tortdi.
– Endi aytmaysizmi o‘sha... gapingizni? – dedi qiz erkalanibroq. Chamasi, u yigitning nima deyishini fahmlardi.
– Sizni qanchalik yaxshi ko‘rishimni bilasiz! – de­di yigit e’tirozga o‘rin qoldirmay. Ko‘ngil izhorini shu tarzda, gap orasida bemalol jur’at qilib aytvaganidan o‘zi ham hayratlandi.
– Yo‘q, bilmayman, aytmagansiz. – Qiz o‘ziga yarashgan karashma bilan qoshlarini chimirdi.
– Aytganman, ming marta aytganman.
– Kayfchilikda aytganingiz hisob emas, – qiz nozlanib gapirdi. Yoqimli gapni yana eshitgisi bor edi.
– Mastlik – rostlik. Aytsam yana aytaveraman. Ammo bu galgisi avvalgilarga o‘xshamaydi.
– Mayli, ayting, aytavering.
– Gapning dangalini aytsam – to‘yimizni kuzda, pi­shiqchilikda qilamiz.
– Voy, o‘qishim nima bo‘ladi? Yana bir yil bor-ku. – Qiz o‘zi ko‘pdan orziqib kutgan gapni eshitganidan quvonib ketdi, ammo andisha qilib, gapni chalg‘itdi.
– Hechqisi yo‘q. Xudo xohlasa, diplom ishingizni uch kishi bo‘lib yoqlaymiz, – dedi Zohir quv tabassum bilan.
– E boring-e! – Zulxumor yigitning yuziga yengilgina shapatiladi.
Zohir qizning nozik barmoqlarini kaftiga oldi, boshini engashtirayotib atrofga bir qur qarab qo‘ydi. Beixtiyor yana o‘sha ulfatlarga ko‘zi tushdi. Shunda boyagi suq nazarning hali-hamon o‘ziga jiddiy tikilib turganini ko‘rib qoldi. Shoshib qo‘lini tortdi. O‘ng‘aysizlandi. Jahli chiqdi.
Undan nima istashadi? Maqsadi nima o‘zi? Boyagi surbetlik kammidi? Nahotki janjal chiqarishmoqchi bo‘lsa? Ko‘rinishdan hammasi tuppa-tuzuk, ziyolisifat odamlar. Harqalay, kecha tuxumdan chiqqan jangari jo‘jaxo‘rozlarga o‘xshamaydi, yoshi ham o‘ttizning nari berisida bo‘lsa kerak. Aql yoshda emas, boshda. Hali aqli quyilmaganga o‘xshaydi. Aroqning kuchini ko‘rsatmasa turolmaydiganlar xilidan shekilli. Vajohati xunuk, janjalga sabab qidiryapti. “Yaxshi gap bo‘lmadi” degan o‘sha bir og‘iz gapini hazm qilolmayapti. Aslida bundan ham nordonroq gap aytishi, vaziyat taqozo qilsa mushtlashishi lozim edi.
Zohir xuddi sehrlangandek raqibidan ko‘z uzolmay qoldi. Oshga pashsha tushdi – suhbat eng shirin joyida uzildi.
Zulxumor yigitning xayoli bo‘linib, kayfiyati buzilganini allaqachon payqagan edi. Yuzaga kelgan noxushlikni o‘zicha yumshatmoqchi bo‘ldi.
– Qo‘ying, u yoqqa qaramang, – qiz yigitning ko‘zlariga mo‘ltirab tikildi. – Yaxshigina gaplashib o‘tiruvdik. Suh­batimizni sovutmaylik. Men gapingizning davomini eshitmoqchi edim.
Zohir raqibidan ko‘zini olib qochdi. To‘y haqida gap ochganini esladi.
Aytadigan gapi aslida faqat to‘y haqidamidi? To‘ydan ham muhimroq bir gapni aytmoqchi edi, shekilli.
– Yana o‘ylanib qoldingiz? Nima, menga aytadigan gapingiz tugadimi?
– Muhim bir gapni aytsam hafa bo‘lmaysizmi?
– Yo‘q, ichingizda qolib ketguncha aytvolganingiz yaxshi. Bilaman, siz meni hafa qiladigan gapni aytmaysiz. Axir o‘zingiz boyagina “Men seni injitmayman” dedingiz-ku!
– Aytmoqchi bo‘lgan gapim aslida yangilik emas, – dedi Zohir qizning ko‘zlariga jiddiy tikilib.– Bir-birimizni anchadan buyon sinab, bilib yuribmiz. Men ayrimlarga o‘xshab to‘ygacha o‘zimni farishta qilib ko‘rsatmoqchi emasman. O‘jarman, injiqman, cho‘rtkesarman, xullas, hayotga moslashishni bilmayman. Bular kamchilikmi yoki fazilatmi – bilmadim. Men bilan yashash, menga xotin bo‘lish oson emas. Hayotimiz hamisha farovon, to‘kin-sochin bo‘ladi deyolmayman. Bilaman, xotin zotining bunaqa turish-turmushni hazm qilishi oson emas.
Zohir nazarida eng qiyin tuyulgan gapni aytib olganidan yengil tortdi. Qizga sinchkov nazar soldi. Boshini quyi solgancha sukut saqlab turgan sevgilisining avzoyidan afsuslanish, ikkilanish alomatlarini sezmadi. Unga mehri tovlandi. Uni quchib, bag‘riga bosgisi keldi. Qizga intildi, shu lahza haligi ulfatlar o‘tirgan tomondan sho‘x qiyqiriq, quvnoq qah-qaha eshitildi-yu shashti qaytib, shoshib ularga qaradi. Ajabo, o‘sha shilqim negadir davradagi gurungga e’tibor qilmas, dasturxonga yarim o‘girilgancha, xuddi o‘chakishgandek hamon Zohirdan ko‘z uzmay turardi. Oradagi masofa yigirma besh, o‘ttiz qadamcha edi. Surbetning qiyiq ko‘zlari, qalin qovoqlari, qirov bog‘lagan sochlari yaqqol ko‘rinib turardi. Qiyofasi allanechuk jonsarak va bezovta edi. U zo‘r berib Zohirning ni­gohini ko‘zdan qochirmaslikka harakat qilardi. Nihoyat, ko‘zlar yana to‘qnashdi.
Nima demoqchi o‘zi? O‘sha bir og‘iz gapini hazm qilolmayaptimi? Aslida o‘zi aybdor-ku. Adolat tuyg‘usi bo‘lmagan joyda mantiq o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Xo‘sh, nima qilish kerak? Shartta o‘rnidan turib, oldiga borishi va orani ochiq qilib olishi kerak. Bormasa bo‘lmaydi. Qo‘rqyapti deb o‘ylaydi. Qo‘rqoq degan isnodni ko‘tarolmaydi. Borsa kaltaklanishi mumkin. Ular ko‘pchilik, bir o‘zi bas kelolmaydi. Ayniqsa, ichib, mast bo‘lgan, quturgan to‘daga ro‘baro‘ bo‘lish havfli. Yolg‘iz o‘zi bo‘lganda ham boshqa gap edi. Og‘zing qon bo‘lsa dushmaning oldida tupurma. Qizning ko‘z oldida oyoqosti bo‘lib taxqirlanish juda-juda yomon. Uchinchi yo‘l – indamay sirg‘alib chiqib qochib qolish. O‘lsa ham bunday qilolmaydi. Ikkinchi yo‘lni tanlashga to‘g‘ri keladi. Nahotki boshqa – maqbulroq chora topilmasa? Har nima bo‘lganda ham sharmanda bo‘lmasligi, oriyatini saqlab qolishi kerak. Darvoqe, ishxonadagi majlisda oriyatini himoya qiloldi-ku! Hamma oriyat degan narsani unutganda yolg‘iz o‘zi, ola qarg‘a bo‘lib ajralib qoldi. Demak, istasa, jahd qilsa, insonligini unutmasa, chora topiladi. Bugun aslida oriyat uchun imtihon topshiradigan kun ekan. Mana bu imtihon qiyinroq kechadigan ko‘rinadi. Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin.
Zohir noiloj o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. O‘rtadagi o‘sha dahanaki sichqon-mushuk o‘yinini kuzatib o‘tirgan Zulxumor jon-jahdi bilan yigitning qo‘llariga yopishdi.
– Yo‘q-yo‘q, bormaysiz, bormang!
– Bormasam bo‘lmaydi. – Zohir asta qo‘llarini bo‘­shatishga urindi. Qiz battar yopishib, tavallo qildi.
– Bormang, qo‘rqaman.
– Qo‘rqmang, menga hech nima bo‘lmaydi.
– Men...men...– qizning ko‘zlari yoshlandi.
Zohir bir amallab qizdan uzoqlashdi. Sekin yurib borib, ulfatlarga yaqinlashdi. O‘zini xotirjam tutishga urinsada, ichki titrog‘i hayajonini oshkor qilib qo‘yayotgandi. Mana, davraga uch-to‘rt qadam qoldi. U yerda bazmi jamshid avjida, faqat o‘sha qisiqko‘z shilqimgina hamon unga sergak tikilib turardi. Zohir o‘zicha reja tuzdi. Mabodo mushtlashuv qisiqko‘z bilan yuzma-yuz bo‘lgandayoq boshlansa, sheriklari qarab turmaydi, unga tashlanishadi, o‘rtaga olib ayovsiz tepkilashadi. Shunda u hali yiqilib ulgurmay, kaltaklarga parvo qilmay o‘sha qisiqko‘zning tomog‘idan ombirday bo‘g‘ib, tinchitadi, hech bo‘lmasa bittasidan o‘ch oladi. Hoynahoy, Zulxumorga gap otgan ham o‘sha.
Nihoyat, raqib bilan yuzma-yuz bo‘ldi. Birdan tashlanib qolgudek bo‘lsa, muvozanatini yo‘qotmaslik uchun ikki qadam oraliqda to‘xtadi.
– Keling, o‘tiring, – dedi qisiqko‘z sekin o‘rnidan turib, yonidan joy ko‘rsatarkan. U muloyim, xijolatomuz ohangda gapirdi. Mutlaqo boshqacha muomalani kutgan Zohir hayron bo‘ldi. Noiloj raqibining yoniga o‘tirdi.
– Men sizdan kechirim so‘ramoqchiydim, kayfchilikda o‘sha...nojo‘ya gap bexos og‘zimdan chiqib ketdi. Siz juda o‘rinli, bir og‘iz tanbeh bilan hammamizga yaxshi saboq berdingiz. Mana bu o‘rtoqlarim ham menga yaxshigina dakki berishdi. Bugun bir do‘stimizning dissertatsiya yoqlaganini nishonlayotgandik. Xursandchilik ham tatimadi. Harholda, yaxshi ish bo‘lmadi. Sizdan... uzr so‘rayman.
Zohir tamomila lol qoldi. Ayni chog‘da ro‘parasida o‘tirgan raqibini boyagina bo‘riday g‘ajishga tayyor turgani esiga tushib, hayron bo‘ldi. Raqibining uzridan so‘ng unga nisbatan ko‘nglida zarracha g‘ubor qol­maganini, hatto unga nisbatan xayrixohlikka o‘xshash bir tuyg‘u uyg‘onganini sezdi. Mehr bilan qahr orasi bunchalar yaqinligidan hayratlandi.
– Mayli, men...kechirdim, – dedi Zohir va o‘zi birinchi bo‘lib raqibiga qo‘l uzatdi.
– Rahmat, endi sal xotirjam bo‘ldim, – dedi ra­qibi mamnun bo‘lib. – Bu birkam dunyoda aslida ta­la­shib-tortishadigan narsaning o‘zi yo‘q! Hamma ishkal – odamlarning bir-birini tushunmasligida deb o‘ylayman.
– To‘g‘ri aytasiz, – dedi Zohir bosh irg‘ab. Ra­qi­bi­ning mulohazalaridagi oddiy mantiq unga ma’qul tushdi.
– Darvoqe, tanishib qo‘yaylik, biz endi...do‘stmiz, shundaymi?
– Shunday.
– Mening ismim – Boqibillo.
– Meniki Zohir.
– Juda yaxshi, shoir aytganidek, “O‘rtada begona yo‘q”. Tanishganimiz uchun bittadan olamizda endi, Zo­hirjon!
Boqibillo qadahlarga to‘latib aroq quydi.
– Xo‘sh, bir nima deng o‘zingiz. Indamay ichish alkashlarga xos odat deyishadi.
Zohir qadahni qo‘liga olarkan, Zulxumor o‘tirgan tomonga qarab qo‘ydi. Qizning xavotir bilan o‘zidan ko‘z uzmay turganini ko‘rdi, sekin qo‘lini ko‘tarib, ham­masi joyida degandek ishora qildi.
– Boya o‘zingiz aytgan yaxshi gap – odamlarning bir-birlarini to‘g‘ri tushunishlari uchun ichamiz!
Qadahlarni urishtirib, ichdilar. Boqibillo qazi to‘g‘ralgan likopchani Zohir tomonga surib, yana aroqqa qo‘l cho‘zdi.
– Menga endi bas, – dedi Zohir qadahning ustini baquvvat qo‘li bilan yopib. – Bugungi rejani bajarib bo‘ldim. Keyin, – Zulxumor o‘tirgan tomonga ishora qi­lib, qo‘shimcha qildi, – kuzatib qo‘yishim kerak.
– Mayli, mayli, tushunaman. – Boqibillo qistab o‘tirmadi.
– Yaxshilik bilan ko‘rishaylik, – dedi Zohir qad­dini rostlab.
– Aytganingiz kelsin! – Boqibillo ham o‘rnidan turdi.
Ular qo‘l berib, samimiy xayrlashdilar.
Zohir Zulxumorning yoniga borib o‘tirdi. Qiz uni xavotirlanib, betoqat kutayotgandi.
– Namuncha uzoq qolib ketdingiz? – deb so‘radi qiz andak ranjib. – U odam eski tanishingizmidi?
– Yo‘q, hozirgina tanishdim.
– Yo‘g‘-e, meni ham esdan chiqarvorib, xuddi eski tanishlardek uzoq qaymoqlashdingiz-ku?
– Shunaqa bo‘pqoldi. Men bugun... ikki marta im­tihon topshirdim.
– Tushunmadim, qanaqa imtihon? – qizning chiroyli qoshlari chimirildi.
– Keyin, keyinroq tushuntirib beraman, – dedi Zohir sirli kulimsirab.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 5-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.