OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shodmon Otabek. Taqdir so‘qmoqlari (hikoya)

Yanglishmasam, o‘shanda o‘n uch-o‘n to‘rt yoshli o‘spirin edim. Oilamiz uncha katta emas, ota-onam xo‘jalikda ishlar, Mansur akam shaharda — institutda, singlim Yulduz mendan ikki sinf quyida o‘qir edi. Otam har gal shaharga meva-cheva sotgani borganda o‘ziga hamroh qilib olar, men bundan juda suyunib ketar edim. Bir zayl o‘tadigan qishloq turmushi haqiqatan zerikarlimidi yoki menga ajabtovur bo‘lib tuyuladigan g‘ala-g‘ovurli, gavjum shaharning bir sehru jozibasi bormidi — bilmadim, harqalay shaharga parvonadek talpinardim.
Bozor-o‘chardan keyin, albatta, talaba akamning yotoqxonasiga o‘tardik. Qorovul ham bizni tanib qolgan, “Ha, Mansurga keldinglarmi?” deya indamay o‘tkazib yuborardi. Otam qorovulga ham mevalardan nasiba bergach, meni yetaklab, to‘rtinchi qavatga og‘ir ko‘tarilar va “Sal pastroqdan olsa bo‘lmasmikin?” deya g‘udranib qo‘yardi. Akam esa “Shunisiga ham shukr, ota, kursdoshlarimning yarmi ijarada turishadi”, der edi. Biz kelganimizda yo‘lak adog‘idagi bu mo‘‘jazgina xonada bayram bo‘lib ketar, nazarimda akamdan ham ko‘ra uning hamxonalari ko‘proq xursand bo‘layotganga o‘xshar edi. Otam o‘z qo‘li bilan mo‘lgina osh damlardi. Keyingi paytlarda akamning xonasida chiroyli bir qizni ham ko‘radigan bo‘ldik. O‘rta bo‘yli, yoqimtoy, qayrilma kipriklari o‘ziga yarashgan, bug‘doyrang yuzlari hamisha yengil tabassumli bu qizni akam “Kursdoshim, Munavvarxon!” deya tanishtirdi. Uni birinchi ko‘rganimdayoq yoqtirib qoldim. “Shaharda shunaqa chiroyli qizlar bo‘larkan-da”, deb o‘yladim. Munavvar opa chiroyli bo‘lishidan tashqari juda xushmuomala, odobli edi. U har gal bizni ko‘rganda uyalinqirab, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, tavoze bilan salomlashar, shosha-pisha sochilib yotgan kitob-daftarlarni yig‘ishtirar, g‘ichirlab qolgan eski stullarga o‘tirishga chorlar, otam fotiha qilgach, “Men...hozir!” deya choyidishni olib, choy qo‘ygani chiqib ketardi. Qaytib kelgach, stolga dasturxon yozar, tokchadagi idishdan hali sovib ulgurmagan taomni taqsimchalarga solar edi. Biz bu ovqatni qiz uyidan, atay akam uchun tayyorlab kelganini fahmlardik.
Bora-bora yotoqxonadagi bu holatga ko‘nikkandek, allanechuk yaqinlashgandek bo‘lib ketdik. Munavvar opa bayramlarda menga xat yozib, tabriklab turadigan, qanday o‘qiyotganimni so‘raydigan bo‘ldi. Undan xat kelganda xuddi o‘zini ko‘rgandek suyunib ketardim. Yozuvi chiroyli edi, nazarimda bunday xatlarni faqat Munavvar opaga o‘xshagan qizlargina yoza olardi. Yozgi ta’tilga chiqish arafasida undan yana xat oldim. U menga ta’tilni shaharda o‘tkazishni taklif qilgandi. Quvonchim ichimga sig‘may, qolgan kunlarni sanab o‘tkazdim. Ta’tilga chiqqach, otamdan bir haftaga ruxsat olib, akam bilan shaharga jo‘nadik. To‘g‘ri Munavvar opalarnikiga tushdik. Ular ko‘p qavatli uyning birinchi qavatidagi uyda ona-bola turishar ekan. Bu “dom” Daqqiyunus zamonidan qolganday, eski, devorlarini sho‘r bosgan, tepadan suv toshgan bo‘lsa kerak, shiftdagi sarg‘ish dog‘-dug‘ izlari qotib qolgandi. Jihozlar ham eski, sharti ketib, parti qolgan. Xonaning bir chetida yaltiroq qubbali ikki kishilik temir karavot qo‘yilgan, o‘rtada stol va to‘rtta stul, hammasi eski, uringan-suringan. Ona-bolaning bunday xokisor turish-turmushini ko‘rib, hayron bo‘ldim. Shaharliklar boshqacha yashaydi, deb tasavvur qilgandim-da. Munavvar opaning onasi — chehrasi ochiqqina, yuzlariga ajin to‘r tashlay boshlagan ayol bizni xushnud qarshiladi. Qizi borishimizni aytgan bo‘lsa kerak, “Mansurjonni ukasimisiz, voy o‘rgulay!” deya boshimni silab, peshonamdan o‘pib qo‘ydi. “Mansurjon, qani to‘rga boshlang, siz o‘zimiznikisiz” deb mulozamat qildi.
Ona-bola kelishimiz sharafiga ancha tayyorgarlik ko‘rishgan chog‘i, hash-pash deguncha dasturxonni noz-ne’matlarga to‘ldirib tashlashdi. Quyuq va suyuq ovqatlar tortildi. Men bu xonadonda bir hafta qolib ketdim. Ta’tilni bu qadar ko‘ngilli o‘tkazganimni eslay olmayman. Munavvar opa meni sirayam zeriktirmadi. Shaharni obdon tomosha qildirdi. Karuselga chiqqanimizda boshim aylanib, qo‘rqib ketdim. Ko‘zlarimni chirt yumib, opaning tirsaklaridan mahkam ushlab oldim. U boshimni sekin bag‘riga bosdi, shunda butun borlig‘idan taralayotgan, shu mahalgacha bilmagan-sezmagan ajib bir isni tuydim, vujudimni qitiqlab o‘tgan yoqimli hisdan sarxush bo‘ldim. Bu holatning sira ado bo‘lmasligini istardim.
Xayrlashayotganimizda opani qishlog‘imizga taklif etdim. Unga tog‘imizni ko‘rsatishni juda-juda istardim.
— Agar akangiz ham taklif qilsa... borardim, — dedi opa kulimsirab.
— Akam albatta borishingizni istaydi! — dedim ishonch bilan.
— Unda borishga to‘g‘ri keladi.
— Qachon borasiz?
— Bahorda.
— Bo‘pti, kelishdik! — dedim suyunib.
Aprel oyining boshlarida akam shahardan kelib, kelasi haftada kursdoshlari lola sayliga kelayotganini aytdi. Munavvar opaning nomini tilga olmasa-da, asosiy mehmon u ekani ma’lum edi.
Tunda otam bilan onam o‘rtasida bo‘lib o‘tgan shunday suhbat qulog‘imga chalinib qoldi.
— Mansurni biron joyga ilashtirib qo‘yaylik, yoshi ham o‘tib boryapti, — dedi onam.
— O‘zining tanlagani bor shekilli, — javob qildi otam.
— O‘sha birga o‘qiydigan qizmi? — onam negadir ensasi qotibroq gapirdi.
— Ha, o‘sha, — otam xotirjamroq edi. — Men uni yotoqxonalarida ko‘p ko‘rganman. Juda bama’ni, farishtali qiz.
— Ana, ana, o‘zim ham o‘ylovdim-a! — onam har bir so‘zini xuddi mix qoqqandek niqtab gapira boshladi. — Issiq-sovuq qilib, o‘g‘limning boshini aylantirib olgan! Bu gapni xayolizdan chiqarib tashlang, shahari qiz bizga to‘g‘ri kelmaydi.
Shu vaqtda ko‘rpadan boshimni chiqarib, “Nega endi to‘g‘ri kelmas ekan? Siz Munavvar opani bilmaysiz-ku! Agar bilganingizda siz ham uni yoqtirib qolgan bo‘lardingiz!”, degim keldi. Xayriyatki otam ko‘nglimdagi gapni aytgandek bo‘ldi.
— Bilmasdan, o‘ylamasdan valdirayverma! — otam bu gal keskinroq gapirdi. — Mana, ertaga kelganda o‘zing ko‘rasan, binoyidek qiz, kerak bo‘lsa suhbatini olasan, sinaysan.
— Xo‘p, ko‘ramiz! — dedi onam yanib.
Mehmonlar tong saharda yetib kelishdi. Ular ikki qiz, ikki yigit edi. Munavvar opa odmigina, qishloq qizlariday etagi uzun, gulli chit ko‘ylak kiyib, boshiga ro‘mol o‘ragan edi. Onam bilan salomlashayotganda ovozi titrab, yerga qaragancha qizarindi. Mehmonlar ayvon chetidagi katta so‘riga chiqishdi. Atrofga qalin suv sepilgan, rayhon, jambillardan taralayotgan yoqimli hid dimoqqa urilar, katta hovlimiz yana fayzli ko‘rinardi. Singlim Yulduz ikkimiz oyog‘imiz oyog‘imizga tegmay, zipillab xizmat qilib turdik. Onam ovqatga unnamoqchi edi, akam shashtini qaytardi.
— Avval toqqa chiqib kelaylik, ovqat keyin...
— O‘zing bilasan, bolam, — onam ortiq qistab o‘tirmadi. Uning ikki ko‘zi Munavvar opada edi. Qizga goh oshkora, goh zimdan tikilar, o‘zicha nimalarnidir chamalar, mulohaza qilar edi. Toqqa jo‘nayotganimizda ham qizning orqasidan tikilib qoldi. Bolalikdan mol boqib, chillak o‘ynab o‘sgan bu go‘shaning har bir qarichi menga yaxshi tanish. Shu bois mehmonlarga o‘zim yo‘lboshlovchi bo‘ldim. Yuqoriga qarab ancha o‘rladik. Men cho‘pon tayog‘im bilan oldinda, akam hamrohlari bilan ortimdan kelishar edi.
— Echkiga o‘xshab sakrayvermay, sal sekinroq yur,— dedi akam.
Men shundagina mehmonlarning hansirab qolishganini payqadim. Ehhe, hali oldinda qancha yo‘l bor-u, bular hozirdan chidashmayapti. Yana biroz yo‘l bosgach, katta, baland qoyatosh ustida nafas rostladik. Atrof ko‘m-ko‘k maysalar bilan qoplangan. Bu yerdan qishloq kaftdek ko‘rinib turadi. Turli qushlarning ajabtovur nag‘malari quloqqa chalinib qoladi. Yuqoriga o‘rlaganimiz sayin manzara ham o‘zgarib, go‘zallashib borardi. Endi ahyon-ahyon yakkam-dukkam lolalar uchray boshladi, ammo haqiqiy lolazor hali oldinda.
So‘qmoq ikkiga bo‘lindi. Shunda akam sherigiga:
— Shu yerdan endi biz ham ikkiga bo‘linamiz. Har kim o‘ziga yo‘l topadi, — dedi va soatiga qarab, qo‘shimcha qildi. — Roppa-rosa ikki soatdan keyin haligi qoyatosh oldida uchrashamiz.
Sheriklar ham bosh irg‘ab o‘ngdagi so‘qmoqdan sekin yurib ketishdi. Akam Munavvar opani yetaklab, chapga boshladi. Men esa bir zum ikkilanib turgach, ularning ortidan ergashdim.
Ular hali uzoqlashib ketishmagandi. Sharpamni eshitib, akam ortiga o‘girildi. Nogoh qoshlari chimirildi. U jahli chiqqanda shunday qilardi. Taraddudlanib, turgan joyimda qotib qoldim.
— Sen nima qilib yuribsan orqamizdan josusga o‘xshab?! – dedi akam jahl bilan. — Bor, ishingni qil!
Munavvar opa uyalinqirab, sekin akamning biqiniga turtib qo‘ydi, menga qarab kulimsiradi. Noiloj orqamga qaytdim. Ozgina yurgach, beixtiyor ortimga o‘girildim. Akam Munavvar opaning yelkasiga qo‘lini tashlagancha yuzini yuziga yaqinlashtirayotgandi. Darrov o‘girilib oldim.
Oradan ikki emas, uch soat o‘tsa hamki ulardan darak yo‘q edi. Akamning haligi tanbehidan keyin ularning nimalar bilan mashg‘ulligini endi birmuncha aniqroq tasavvur qilar, shuni oldinroq fahmlab olmaganimdan xijolat bo‘lardim. Nihoyat qoyatosh oldiga ular ham enib kelishdi. Hammasi xursand ko‘rinar, qo‘llarida lolaqizg‘aldoqlardan katta guldasta, akamning chap qo‘lida ravoch ham bor, bahor quyoshidan yuzlar andak qizarinqiragan. Munavvar opaga zimdan razm soldim. Ro‘molini yelkasiga tashlagan, yuzlari bo‘g‘riqqandek, o‘zi ham nimadandir mamnun-masrurdek tuyuldi. Ko‘nglim joyiga tushib, yengil tortdim.
Uyga qaytdik. Supadagi katta dasturxonga osh tortildi. Tog‘ havosida ochiqib kelgan yigitlar dadil-dadil, qizlar esa tortinib-qimtinib tanovul qila boshladilar. Munavvar opa ovqatdan bir-ikki totingan bo‘ldi-yu darrov qo‘lini artib, choy icha boshladi. Hovlida qo‘shni xotinlar kuymalanib yurishar, ular biron narsani bahona qilib supaga yaqinlashar, Munavvar opaga sinchkov nazar tashlashar edi. Yanglishmasam, ular shaharlik qizni xonadonimizga kelin qilsak arziydimi yo‘qmi — shuni chamalashmoqda. Ko‘nglimda bir xavotir bor — ishqilib Munavvar opa onamga, unga maslahat berguvchi qo‘shni xotinlarga ma’qul bo‘lsin-da!
Mehmonlar ovqatdan keyin uzoq o‘tirishmadi. Oqshom arafasida jo‘naydigan oxirgi avtobusga ilinib qolaylik deya qo‘zg‘alishdi. Akam ham ular bilan ketdi. Munavvar opa men bilan xayrlashayotganda qo‘limni anchagacha qo‘yib yubormadi. Nazarimda, u yanada ochilib, chiroyli bo‘lib ketgandi.
Otam bilan onam, albatta, Munavvar opa haqida gapirishini ko‘nglim sezgandi. Bu haqda kechqurun otam gap ochdi.
— Xo‘sh, nima deysan endi? Mana, ko‘rding, bilding...
— Bo‘lmaydi! — dedi onam cho‘rt kesib.
Boshimdan bir chelak sovuq suv quyilgandek seskanib ketdim. Onam men eshitishdan qo‘rqqan o‘sha gapni tap tortmay, bemalol aytgan edi.
— Nega bunaqa deyapsan? — chamasi, otam ham onamning bu qadar tez qarorga kelganidan hayron edi, — balki Anzirat aynitgandir, qizini o‘rtaga solib...
— Anziratning qizi kelin qilsa arziydigan qiz, bir uyni obod qiladi.
— Shaharlik obod qilolmaydimi?
— Shaharlik tandirga olov yoqib, non yopolarmikin? Sigir sog‘ib, tappi qilolarmikin?
— Bilmasa o‘rganadi, qaynona bo‘lib o‘zing o‘rgatasan.
— O‘rgataman deb asabimni buzib, yomon ko‘ringuncha tayyorini olib qo‘ya qolganimiz afzal emasmi?
Otam uf tortib, bir muddat jim qoldi. U birozdan keyin men kutgan gapni aytdi.
— Mabodo o‘g‘ling o‘sha sen aytgan qizni xohlamasa-chi?
— Xohlamay ko‘rsin-chi!
— Qiziq, nima, xohlamasa majbur qilasanmi?
— Meni hurmat qilsa, aytganimga uylanadi. Ota-ona hech qachon bolasiga yomonlikni ravo ko‘rmaydi, bildingizmi?
— Sen zamondan orqada qopsan, o‘qimagansan-da, — dedi otam kesatib. — Axir, farzandning ko‘ngliga ham qarash kerak-ku!
Shunda ko‘nglimda bir savol g‘imirlab qoldi. Akam rostdan ham Munavvar opani yaxshi ko‘rarmikin? Yaxshi ko‘rsa, nega...
Ko‘nglimda bir noxushlik, dilgirlik uyg‘otgan bu suhbatning nima bilan tugaganini eslolmayman. Tog‘da yurib toliqqan ekanman, qanday uxlab qolganimni bilmabman.
Hayotda mutlaqo kutilmagan voqealar bo‘larkan. O‘ylagan o‘y-rejalaring, orzularing chappasidan kelishi ham mumkin ekan. Akam yozga chiqib institutni bitirdi. O‘zimizning qo‘shni qishloqdagi maktabga o‘qituvchi bo‘lib keldi. Oradan ko‘p o‘tmay uni mahallamizdagi o‘sha Anzirat xolaning qizi Sharofatga unashtirib qo‘yishdi. Men bunday bo‘lishini mutlaqo kutmagan, istamagan edim. O‘zimcha rosa kuyinib, pana-panada yig‘lab ham oldim. Baribir xotinlarning aytgani bo‘ldi. Ular zo‘r keldi.
Oradan kunlar, oylar o‘tdi. Ko‘rgan-bilganlarning aytishicha, Munavvar opa bir necha bor akam ishlayotgan maktabga kelib ketgan emish. Oxirgi marta kelganida akam oldiga chiqmabdi, “Meni yo‘q deb qo‘yinglar”, debdi. Bu gapni eshitib dod solib yig‘lagim keldi. Akam ko‘zimga yomon ko‘rinib ketdi. Undan nafratlana boshladim.
Bir kuni kutilmaganda uyimizga Munavvar opaning onasi kirib keldi. Boshiga oq ro‘mol o‘ragan, qaddi ham ancha bukilib qolgan, yuzidagi ajinlari ancha qalinlashgan, xuddi boshiga musibat tushgan odamga o‘xshar edi. Bechora uyimizni so‘rab-surishtirib topib kelibdi. Uyda onam ikkimizdan boshqa hech kim yo‘q edi. Kampir o‘zini tanishtirdi. Shunda onam seskanib ketgandek bo‘ldi, qo‘llari qaltirab ketdi. Men esa boshimni quyi solgancha o‘tiraverdim.
Kampirning nima maqsadda kelganini juda-juda bilgim keldi.
— Avvalo, bezovta qilgan bo‘lsam uzr, — dedi kampir ro‘molining uchi bilan yoshovragan ko‘zlarining chetini artib, — men yomon niyatda kelganim yo‘q.
— Odam bor joyga odam keladi, gapiravering, — dedi onam, uning so‘zlari samimiy emas edi.
— To‘g‘ri aytasiz, — kampir onamning daldasidan dadillangandek bo‘ldi.
— Qanaqa iltimos ekan? — charsillab so‘radi onam.
— Iltimosim sal... g‘alati tuyulishi mumkin, faqat meni to‘g‘ri tushuning. Munavvar ham yolg‘iz qolmas. Faqat u... unutolmayapti, Mansurjonni esidan chiqarolmayapti. Ko‘ngil ekanda. Baxtiqaro bu qiz “Uni ko‘rmasam, ko‘rib turmasam o‘lib qolaman”, deyapti. O‘zini bir balo qilib qo‘ymasa edi, deb qo‘rqyapman. Bunaqada aqldan ozishi hech gap emas. Unga ko‘p nasihat qildim. O‘zingni qo‘lga ol, hayoting hali oldinda, dedim, foydasi bo‘lmayapti-da. Unga jonim achiydi, siz ham onasiz, meni tushunarsiz...
Kampirning onamga javdirab tikilgan ko‘zlarida yosh yiltilladi. Yuragim o‘rtanib ketdi. Onam ham karaxtlanib, garangsib qoldi. Oraga noqulay sukunat cho‘kdi. Boshim qotib qoldi. Qiziq, g‘isht qolipdan ko‘chgan bo‘lsa, kampir endi nimani iltimos qilmoqchi ekan? U hech qachon fotihani buzaylik, Mansur Munavvarga uylana qolsin, demasa kerak.
Masalaga kampirning o‘zi aniqlik kiritdi. U ikkilana-ikkilana, ming bir istihola bilan tilga kirdi.
— Iltimosim shuki, Mansurjon Munavvar ko‘nikkuncha ko‘rinish berib tursin, o‘zi shaharga bormasa ham, qizim yo‘qlab kelganda birrov oldiga chiqib, bir og‘iz yaxshi so‘zini darig‘ tutmasin. Bu vaqtinchalik chora. Hamma narsaning davosi vaqt. Kunlar o‘tar, Munavvar ham axiyri taqdirga tan berar. Menimcha, boshqa chorasi yo‘q, hayot davom etishi, qizimdan ham zuryod qolishi kerak.
Onam birinchi marta xatoga yo‘l qo‘yganini anglagandek, boshini xam qilib, jimib qoldi. Oradan ancha fursat o‘tsa-da, kampirning ko‘ziga qaray olmay, dasturxon popugini o‘ynab o‘tiraverdi.
— Uzr, agar iltimosim malol kelgan bo‘lsa...
— Yo‘q-yo‘q, — dedi onam shosha-pisha, — men o‘g‘lim bilan gaplashib ko‘raman. Menimcha, yo‘q demasa kerak.
Kampir duo qilib, o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. Uni bekatgacha kuzatib qo‘ydim. Ro‘y bergan voqealarga, xuddi o‘zim aybdordek, kampirning yuziga qaray olmas, unga taskin-tasalli beradigan biron og‘iz so‘z ham esimga kelmas edi.
Akamning to‘yi belgilangan vaqtdan sal oldinroq bo‘ldi. Kampirning o‘sha tashrifidan so‘ng onam xavotirga tushib qolgandi. Bir yil o‘tgach, akam farzand ko‘rdi. O‘ziyam soch-soqolini o‘stirib, katta odamlarga o‘xshab qoldi. Ilgarigi ziyolisifat kelbatidan asar ham qolmadi. Hamma narsaga befarq qaraydigan bo‘ldi. Unga kim bilan yashash va qanday yashashning ahamiyati ham, qizig‘i ham yo‘qdek edi.
Maktabni bitirgach, shaharga o‘qishga bordim. Omadim chopib, talaba bo‘ldim. Munavvar opalarning uyiga borishga yuragim betlamasdi, albatta. Axir nima deb boraman?!.. Menga munosabati har qancha yaxshi bo‘lmasin, baribir uni qadrlay olmagan, sevgisi uchun kurashmagan noshukur bir kimsaning ukasi edim-da.
Bir kuni shaharning gavjum ko‘chasida avtobusda tik turib ketayotgan edim. Chorrahada ulov to‘xtadi. Uning yoniga esa boshqa yashil avtobus ham kelib to‘xtadi. Shunda narigi avtobusdagi tanish chehraga ko‘zim tushdi. Qo‘lida ikki-uch yoshlar chamasidagi go‘dak. Yomg‘irli kuz kunida ona-bola ulov o‘rindig‘ida parishon, o‘z xayoliga g‘arq bo‘lib ketishardi. Bu Munavvar opa edi. Yuragim hapqirib ketdi. Nihoyat yashil chiroq yondi shekilli, ulovlar jildi. Bizning avtobus o‘ngga, unisi esa chapga. Yo‘l chetidagi ulkan beton to‘siqlar esa xuddi huv o‘sha qoyatoshga o‘xshab ketdi. O‘sha qoyatoshda ham yo‘llarimiz ayrilgandi. Aniqrog‘i, ayrilgan ekan. Munavvar opa meni ko‘rmadi. Yaxshi bo‘ldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.