OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ravshanbek Mirzaolimov (1958)

Ravshanbek Mirzaolimov 1958 yilda tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. She’rlari respublika matbuotlarida e’lon qilingan. “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
 
VATAN

Vatan – onam, onam mening,
Suyar ortiq bolam mening.
Bobom aytgan, otam aytgan,
Erklik degan nolam mening.

Vatan – beshik, tebranadi,
Zamin charxi aylanadi.
Kindik qoning tomgan joyga
Shu-chun mehring boylanadi.

Vatan – iymon, bil, ey inson,
Vatan birla yaralgay shon.
Vatan – oring, qiblagohing,
Baxsh et umring topib imkon.

Vatan borki, rizq-ro‘zing but,
Tuprog‘ini ko‘zingga surt.
Jannatmakon sarhadini
Behishtdayin qalbingda tut.

Vatan degin o‘ngingda ham,
Porlab tursin ko‘nglingda ham.
Shukrona ayt, jahon ko‘rsin,
Vatan bastin bo‘yingda ham.

Vatan – onam, onam mening,
Suyar ortiq bolam mening.
Bobom aytgan, otam aytgan,
Erklik degan nolam mening.
 
YURGAN DARYO DERLAR

Yurgan daryo derlar, o‘ltirgan bo‘yra,
Men ham olam kezdim, yurtlarni ko‘rdim.
Qaerda bo‘lmayin, o, seni o‘ylab,
Qalbimda bir ajib iliqlik tuydim.

Shunda keng bag‘ringni sog‘indim yana,
Yuragim qushdayin talpindi senga.
O, qanday buyuksan, Vatanim – ona,
Ta’rifiga so‘z yo‘q, baxt berding menga.

Men seni bir umr suyib yashayman,
Tuprog‘ing gardini surtib ko‘zimga,
Sendan ayrilmasman, sen-la yashayman,
Ishon, onajonim, ishon, so‘zimga.
 
ER YIGIT YURTIDAN KECHMAYDI

Dunyoda yaxshilar bor ekan,
Zaminning ziynati o‘chmaydi.
Yigitga hamiyat yor ekan,
Elidan, yurtidan kechmaydi.

Chorlasa olisda ro‘yolar,
Tutilsa oltin jom, ichmaydi.
Daf solsa umriga soyalar,
Qavmiga hech kafan bichmaydi.

Ming nozli, karashma parilar,
Suykalsa behayo, quchmaydi.
Yo‘liga dur sochsa g‘animlar,
Sotilmas, boylikka uchmaydi.

Dunyoda yaxshilar bor ekan,
Zaminning ziynati o‘chmaydi.
Yigitga hamiyat yor ekan,
Elidan, yurtidan kechmaydi.
 
OTAJONLARIM

Otamni ko‘rgan siz otajonlarim,
Qalbimga yaqinim, qadrdonlarim,
Nasllar tomirida oqar qonlarim,
Yagona tilagim – doim bor bo‘ling!

Siz ko‘rgan kulfatlar tarixdir bu kun,
Siz chekkan zahmatlar qariydi sekin,
Faqat siz qarimang, qarimang, lekin,
Yagona tilagim – doim bor bo‘ling!

Kezdim qancha yurtlar, izlaringiz bor,
G‘oliblik yarashgan yuzlaringiz bor,
Aqlning ko‘zi – siz, so‘zlaringiz bor,
Yagona tilagim – doim bor bo‘ling!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.