OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodira Nazar (1991)

Nodira Nazar 1991 yil Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani No‘g‘ayli qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti roman-german filologiyasi nemis tili yo‘nalishi talabasi. 2012 yilda “Hayajon fasli” - ilk she’riy kitobi nashr ettirilgan. She’rlari matbuotda e’lon qilingan.


YOMG‘IR

Yog‘, yomg‘ir, yog‘aver tomchi-tomchilab,
Mayliga ergashsin ko‘z yoshim senga.
Senga peshvoz chiqib tutgan chog‘im lab,
O‘chsin yurakdagi otash, alanga.

Menga taskin bergin, ham yonimni ol,
Ko‘z yoshim bir seni panohim desin.
Seni hech kim ko‘rmas-lablarimda qol
Kunduzga aylansin men yashagan tun.

Yog‘, yomg‘ir, yog‘aver tomchi-tomchilab...

11.12.2012

* * *

Hijronning talx sharobini ichganda ham,
O‘rtadagi ishq rishtasin yechganda ham,
Hatto sening yuragingdan o‘chganda ham,
Ko‘zlaringni unutolmam, ko‘zlaringni.

Yot bir malak qadamingni tun-kun kutsa,
Muhabbatning afg‘onlari dunni tutsa,
Chin oshiqday rost dunyoga tomon o‘tsam,
Ko‘zlaringni unutolmam, ko‘zlaringni...

19.03.2011

MASOFA

Yuqori qavatdan pastga qarasang,
Kichkina ko‘rinar senga odamlar.
O‘zingni ko‘kda deb mag‘rurlanmagin,
G‘urur baxsh etmasin senga bu damlar.

Bir o‘ylab ko‘rgin-a pastdan tepaga
Qaragan chog‘ sen ham xuddi shunaqa.
Faqat farqi shuki, bu holatingdan
Yerdagi odamlar yirtmaydi yoqa.

15.05.2012

KUT

Kut meni, kut yana, kutgin intizor
Ilhaqlik sabringga qo‘ymasin tuzoq.
Quyoshning nidosi berganda ozor,
Kut meni har kuni qizarsa ufq.

Kut meni, yolg‘izim, yolg‘iz meni kut,
Yomg‘irlar yig‘lasa yuzlarim yuvib.
Aqalli bir lahza barini unut,
Qalbim dunyosini shodlikka ko‘mib.

Ko‘zlaring tinsa ham yo‘lim poylashdan,
Chekinish tomonga qo‘ymagin qadamyu
Kut meni, kut yana, axir umrimda
Boshqa yo‘qdir meni kutguvchi odam.

Kut meni, kutaver, kutgin intizor...

03.12.2012

* * *

Sening yuragingga yetmaydi so‘zim,
Yetib borolmasman, aslida hech vaqt.
Qacha nolalarim Haq eshitdi-yu
Seni topganda so‘z o‘lgaydir bevaqt.

O‘zni nodon sanab kuydim tun-u kun
O‘zimni o‘zimga yomon ko‘rsatdim.
Axir yashash og‘ir yolvorib beun,
Yetmas maktubarni qilgancha g‘ijim.

Sen hamon o‘shasan-quloqlari berk,
Men ham o‘sha-o‘sha qaytmas sasdirman.
Dardlarim qalbingga yetmasdir balki
Men o‘zi besubut, so‘zi mastdirman.

Sening yuragingga yetmaydi so‘zim,
Yetib borolmas dil, aslida hech vaqt.

05.02.2015

* * *

Dunyo yaralgandir asli mukammal,
Uni o‘lchama o‘z qariching bilan.
Aqlda barobar bo‘lsaydi bashar,
Zulmatga limmo-lim bo‘lardi olam.
Hammaga qarab sen berma baholar
Besh qo‘l barobarmas dunyoda, axir.
Agar bo‘lmasaydi buyuk daholar,
Umr bodasi ham tortardi taxir.

21.04.2012

ISHQ

Ishq mayidan mastonaman, ayting netay,
Shu sharafga cho‘milgandir oshiq qalbim.
Bir uni deb devonaman, ayting netay,
Saroblarga dil bog‘lagan darvesh kabi.

Ko‘zlarimdan jola bo‘lib oqadi u,
Olov sochib vujudni ham yoqadi u.
Goh qon bo‘lib oqib yotar tomirimda,
Goh ko‘zgudan ilhaq-ilhaq boqadi u.

Ishq mayidan mastonaman, ayting netay...

31.07.2011

* * *

Men seni kutyapman, kutyapman yana,
Yurak umid qilsa qilibdi, kechir.
O‘zingmas siyrating kerakdir menga
Menga kerak hatto ko‘zingdagi sir.
Kutsam kutibman-da, nima qilibdi
Oshiqlar yalovin yulgan dil menmas.
Yo meni izmiga manguga solgan
Kutishim sababi ruhingdir, senmas.

Seni men kutyapman, kutyapman yana...

14.02.2015

* * *

O‘zingni kamsitma,
aldama
etar!
Qilichni qiniga joyla,
bas, mahkam.
Kelganlar ketarlar,
musofir ketar,
munavvar onlarga tutilmas motam!
Yoniq chirog‘ingni tan ol,
bo‘ldi,
bas!
G‘ashlikka andalib titkilama cho‘g‘.
Kelganlar ketarlar,
ul kelgan-faraz,
Haqiqat qiymati seningdek ulug‘.
Olovtaft bag‘ringni tig‘layapsan sen,
O‘zingni kaslarga o‘xshatayapsan.
Tan ol, axir iymon g‘olib-ku, do‘stim,
Shayton vidolashgan,
u ketdi, axir,
Demak, sen...
sen asli chin jannatiysan!

19.02.2015

* * *

Bir kun, bir kuni
men seni...
topib olaman,
Seni yana
O‘zingni, ha
Mensizlikdan
tortib olaman!
Yetolmasin...
Tutolmasin...
mazlumlar,
O‘zimizni tutguncha
O‘zimizga yetguncha...

28.01.2015

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.