OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Xanifa Solihova (1939)

Xanifa Solihova 1939 yilda tug‘ilgan. Andijon Davlat institutining filologiya fakultetini tamomlagan. Filologiya fanlari doktori, professor. To‘rtta monografiya, adabiyotshunoslikka oid o‘nlab risolalar va yuzga yaqin maqolalar muallifi. “Sevgi sirlari”, “Diyorga ta’zim”, “Ko‘ngil piyolasi”, “Yulduzlar chaqnaganda”, “Quyosh malikasi”, “Shaydoyingman Vatan” she’riy kitoblari chop etilgan. “Do‘stlik ordeni”sohibasi. Oliy ta’lim a’lochisi.

O‘ZBEKISTONIM

Dunyoda yagonam – O‘zbekistonim,
Tengi yo‘q ulug‘im, go‘zal bo‘stonim,
Qalbimga jo etgum, ey mehribonim –
O‘zbekiston – jonim, jahonim o‘zing!

Osmonning labidan rang olgan mahal,
Oyning nurlaridan sen olgan zarhal,
Quyoshdan peshonang yaraqlar har gal –
O‘zbekiston – jonim, jahonim o‘zing!

Bag‘ring shuncha kengdir, issiq onamday,
Kumush tog‘lar kabi himmat otamday,
Toza – vijdon yanglig‘ qalbing otashday –
O‘zbekiston – jonim, jahonim o‘zing!

Bog‘larda ochilgan gullaring qiyg‘os,
Zaringga keng jahon qilarkan havas,
Ahlingdan naf ko‘rar ellar beqiyos –
O‘zbekiston – jonim, jahonim o‘zing!

Farhodday tog‘larni aylading talqon,
Lochinday yigitlar yurtingga qalqon,
“Hech kimdan kam emas”, eliga posbon –
O‘zbekiston – jonim, jahonim o‘zing!

Shunday yashamoqlik odatiy holdir,
O‘zbekiston tilingdan to‘kilgan boldir,
Jahon minbariga yarashgan holdir –
O‘zbekiston – jonim, jahonim o‘zing!

RAYHONNING HIDIDAN MAST KO‘NGIL

Ruhim emaklaydi, qanot qoqadi,
Rayhonning hididan mast bo‘lib hayron.
Ruhim daryo kabi suvday oqadi,
Ruhim senga oshno, men o‘zim biyron.

Rayhon hidlariga mast ko‘ngil qayda,
Rayhonga ruh bo‘lib qo‘shilganim rost.
Ruhim qo‘shiq bo‘lib aytilgan joyda
Rayhonning hididan karaxtman haqrost.

Ruhim osmonlarga to‘xtalib birdan,
Ollohim qo‘llasa, toza ruh rayhon.
Uyqashib hamroh men, men oshib qirlar,
Rayhonning atridan men bo‘lib hayron.

Men ruhni avaylab bokira qilgum,
Eng nozik hislarga qalbimni berdim.
Qiblagoh tomonga rayhonni ildim,
Hayotdan misqollab baxtimni berdim.

Shundaydir yashamoq imkonim mening,
Ruhimga xush yoqar shunday rayhongul.
Toza ruh xalqim bor – asil me’morim,
Rayhonning hididan charaqlar ko‘ngil.

OQ RO‘MOL

Onamning boshida nurli oq ro‘mol,
Zarhalday zeb berar hurli oq ro‘mol.

Oqligi oppoq tog‘ kabi muazzam,
Oq paxta timsoli boshda muntazam.

Qalbi oq olamday yasangan diyor,
Boshida ro‘moli onamday el yor.

Oq ro‘mol sayqali dilga oromdir,
Boyligi, oqligi, elga olamdir.

Oq ro‘mol yopinchiq ayol ruxsori,
Oq ro‘mol qoqindiq ko‘ngil sarvari.

Dunyoda yangragan ona ovozi,
Yulduzdir yoki oy, jarangdor so‘zi.

Onamday oq ro‘mol boshda oqila,
Donolik ramzidir, dili bokira.

Onamning boshida hilpirar quyosh,
Nurlarga cho‘milar oq ro‘molli bosh.

Onamday bo‘lsam men, neki buyursa,
Kokilli sanamdek sochim o‘rasa.

Oq ro‘mol iffatli, poklik ramzidir,
Onamning dardiday umr qarzidir.

Oq ro‘mol boshida so‘zlar onajon,
Farzandlar kamolin ko‘zlar onajon.

Oq ro‘mol boshida yaratgan bog‘lar,
Osmonga intilib oq qorli tog‘lar.

Onajon jahonim – Vatan oq ro‘mol,
Oppoq nur boshida yashnar istiqlol.

MAYSALAR LAB OCHGAN KUNDA

Osmonning qovog‘i osilgan kunda
Maysalar lab ochgan adir-qirlarda,
Havoning nim salqin etaklarida
Qushchalar chirillar jarangdor unda.

Horg‘in tuproq tafti epchil qo‘llarda,
Maysaning ko‘k rangin qilar dabdaba.
Maysalar sevmaydi quruq safsata,
Lab ochgan maysalar chopqir yo‘llarda.

Iymoni butunmi o‘sha maysaning,
Lablari gulmidi yoki xon pista?
Maysaday kim nozik har daqiq esda,
Himmati o‘zgacha dardkash maysaning.

Osmondan tushganda yettita malak,
Maysaning labida nurli bir sehr.
Maysadan olamga yog‘ilgan mehr,
Maysadan hal bo‘lar eng oliy tilak.

Navro‘zi olamda lab ochgan maysa,
Hurlarning yuragi, tilagi bo‘ldi.
Yaxshi va yomonning elagi bo‘ldi,
Kelinday yasanib, gul ochgan maysa.

Maysalar lab ochgan kunda, o‘sha dam
Ochildi dilkashning baxt-saodati.
Maysadan shod ko‘ngil xalqim odati,
Bu yurtning sayqali, maysalari ham.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.