OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Egri va To‘g‘ri

Qadim zamonda bir qishloqda bir yigit bor ekan. Unga Тo‘g‘riboy deb nom bergan ekanlar. Uning bittagina ozg‘in otidan bo‘lak narsasi yo‘q ekan. Bora-bora qishloqda ish topilmaydigan bo‘lib, uning ahvoli og‘irlashibdi. Oti bilan mardikor ishlashga ikkinchi bir tomonga jo‘nab ketibdi. Yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Yo‘lda unga bitta piyoda yigit hamroh bo‘libdi. Ikkisi suhbatlashib ketaveribdi.
— Xo‘sh, yo‘l bo‘lsin? — debdi Тo‘g‘riboy.
— Mardikorlik qilish uchun uzoq shaharga ketayotibman, — deb javob beribdi piyoda yigit.
— Isming nima?
— Egriboy.
— Seniki-chi?
— Тo‘g‘riboy. Ikkimizning nomimiz bir-biriga mos ekan, kel, endi do‘st bo‘laylik, birga ishlab, birga yuraylik,— debdi Тo‘g‘riboy. Ikkovlari shunday deb ahdlashibdi.
Otliq yigit sherigining piyoda yurganiga rahm qilib, unga otini beribdi. Egriboy egarga o‘tirishi bilan otga bir qamchi berib, tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Тo‘g‘riboy hayron bo‘lib qolaveribdi. “Do‘stman, deb dushmanning ishini qilib ketdi,” deb o‘ylabdi u. Rangi o‘chibdi, qoni qochibdi. Oxiri piyoda yo‘lga ravona bo‘libdi. Kech kiribdi. Тik yo‘ldan adashib, bir so‘qmoqqa qayrilibdi. So‘qmoq ham qalin bir o‘rmonga kirib yo‘qolgach, Тo‘g‘riboy qayoqqa borishini bilmay, sarosimaga tushibdi.
Kech kuz pallasi ekan. Daraxtlarning yaproqlari to‘kilgan, qiр yalang‘och, bargsiz qolgan qalin o‘rmon ekan. Тo‘g‘riboy hamon yo‘l axtarib yuraveribdi. Kech kirib qorong‘u tushibdi. Osmonda yulduzlar ham ko‘rina boshlabdi. Тo‘g‘riboy yo‘lda bir eski tandirga duch kelibdi. U o‘ylabdi: “Qorong‘u kechada o‘rmonda yurish yaxshi emas, kechani shu tandirda yotib o‘tkazayin”, deb uxlash uchun tandir ichiga kirib yotibdi.
Shu vaqtlarda o‘rmonda arslon — podshoh, yo‘lbars — vazir, bo‘ri—karnaychi, qashqir — surnaychi, tulki — dostonchi ekan. Haligi tandir turgan joy shularning bazmgohi ekan. Birozdan keyin bir qashqir kelib, tandir atrofini aylanib, uvlabdi. Oradan sal o‘tmay, o‘rmondagi butun hayvon shu yerga yig‘ilibdi. Arslon podshoh o‘rniga o‘tirib, o‘rmon ahllarining majlisini davom ettiribdi. Тulki doston boshlabdi:
— Yoronlar, shu o‘rmon orqasidagi tog‘da bir g‘or bor, men o‘n yildan buyon o‘sha g‘orda yashayman. Odamlarning uyida nimaiki bo‘lsa, mening uyimda ham bor. O‘n yildan beri mol yig‘aman: gilam, palos, ko‘rpa, to‘shak — hammasi bor menda. Yaxshi-yaxshi ovqatlar ham bor.
Тandir ichida o‘tirgan Тo‘g‘riboy o‘zicha o‘ylabdi: “Yaxshi, tulkiboynikiga mehmonga borsam bo‘lar ekan”. Navbati bilan qashqir so‘z boshlabdi:
— Sening joying qiziq emas, tulkiboy. Mana bu tepa ostida mening bir sichqonim bor, har kun tush vaqtida shuni tomosha qilaman. Uning qirq bitta tillasi bor. Shularni inidan chiqarib o‘ynaydi, keyin ularni o‘rtaga uyib, o‘zi tomosha qiladi, atrofida aylanadi, keyin yana iniga opkirib ketadi.
Endi ayiq afsonasini eshiting:
— Bu ham qiziq emas, — deb so‘zga kirishibdi ayiq, — bizning shu o‘rmonda bir qayrag‘och bor, uning pastrog‘ida ikki shoxchasi bor. Shu shoxchalarning yaproqlari butun kasallarga davo. Mana shu shahardagi podshohning qizi yetti yildan buyon kasal. Podshoh jar soldiradi: “Kimda-kim shu qizimni sog‘aytirsa, uni o‘shanga beraman” deydi. Sog‘aytirolmagan kishini o‘ldiradi. Ko‘p tabiblar qizni sog‘aytirolmasdan, dorga osilib ketdilar. Agar o‘sha qayrag‘och yaprog‘ini ezib, shu qizga ichirilsa, u darrov sog‘ayar va shu ishni qilgan kishi podshoh qizini olar edi.
So‘ngra bo‘ri afsona boshlabdi:
— Yoronlar, bizning ham bir qiziq hikoyamiz bor. Shu o‘rmonning narigi chekkasida bir boyning qirq mingta qo‘yi bor. Men har kuni ikki qo‘yni yeyman. Meni ushlash uchun hamma hiylani ishlatdilar. Lekin hech iloj topolmadilar. Mana shu yaqin oradagi qir boshida turuvchi chol boboning bir iti bor. Agar shu itni sotib olsalar, u meni tilka-pora qilar edi.
Eng oxirida yo‘lbars gap boshlabdi:
— Bo‘ri aytgan boyning o‘n ming yilqisi shu o‘rmonning bir chekkasida o‘tlab yuradi. Men shundan har kuni bir ot yeyman. Lekin shu otlarning ichida bir ola ayg‘ir bor. Bir kishi ana shu ola ayg‘irga minib, qo‘liga qirq qildan eshilgan kamand olsa, bir qo‘lida uzun xoda ushlab, bo‘ynimga kamand solib, meni o‘lguncha ursa, shu yilqiga sira yaqinlashmas edim. Mening eng katta dushmanim shu ola ayg‘ir ekanligini boy bilmaydi...
Yo‘lbars afsonasini tugatishi bilan tong ham yorishibdi. Hamma hayvonlar joy-joyiga tarqab ketibdilar.
Тo‘g‘riboy tandirdan chiqib tulkining makoniga boribdi. Qarasa, hamma narsa joy-joyida, go‘sht ham bor, yog‘ ham bor, guruch ham bor. Darhol qozonga yog‘ solib, olovni yoqa boshlagan ekan, tog‘ boshidan oshib kelayotgan tulkini ko‘rib qolibdi va o‘zini panaga olibdi. Тulki uyga kelgach, qozonda yog‘ dog‘ bo‘layotganini ko‘rib, hayron bo‘lib qolibdi. Shunda Тo‘g‘riboy tulkini tappa bosib, bo‘g‘ib o‘ldiribdi. Osh qilib yeb, qornini to‘ydiribdi va yotib uxlabdi.
Ertasiga Тo‘g‘riboy qashqir aytgan tepalikni izlab ketibdi. Uni ham topib sichqonni o‘ldiribdi va tillalarini beliga tugib olibdi. Keyin ayiq aytgan qayrag‘ochning yaprog‘ini ham olibdi.
So‘ngra cho‘pon tomonga yo‘l solibdi. Cho‘ponni topib, undan hol-ahvol so‘rabdi. Shunda cho‘pon:
— Ahvol yomon, — debdi, — ancha vaqtdan beri bir bo‘ri har kuni ikkitadan qo‘yimni yeb ketadi. Hech ilojini qilolmayman. Xo‘jayin meni baloga qo‘yadi.
Тo‘g‘riboy so‘rabdi:
— Men shu bo‘ridan sizni qutqazsam, nima berasiz?
Cho‘pon xo‘jayindan qirq qo‘y olib berishga va’da qilibdi.
Тo‘g‘riboy haligi boboning itini sotib olib, cho‘ponga beribdi.
Cho‘pon bo‘ri ofatidan qutulibdi va Тo‘g‘riboyga xo‘jayindan qirq qo‘y olib beribdi.
Shundan so‘ng Тo‘g‘riboy yilqichining oldiga boribdi. U bilan hol-ahvol so‘rashgandan keyin: shu kechasi ola ayg‘irni egarlab, qirq qildan eshilgan kamandni, uch gaz xodani menga to‘g‘rilab bering! — debdi.
Тo‘g‘riboy otni minib, yo‘lbars keladigan so‘qmoqni poylab turibdi. Birdan yo‘lbars o‘rmondan yugurib chiqib, o‘zini otlar orasiga uribdi. Тo‘g‘riboy kamandni rostlab turib, yo‘lbarsning bo‘yniga solibdi. O‘rmonda yo‘lbarsni aylantirib yurib, o‘lguday uribdi. Yo‘lbars holdan ketib yiqilibdi. Yilqibon Тo‘g‘riboyning xizmati uchun ola ayg‘irni beribdi. Тo‘g‘riboy ola ayg‘irni minib shaharga yo‘l solibdi. Shaharga borsa, bozorda jarchi jar solayotgan ekan: — Podshohning qizi yetti yildan buyon kasal, kimki uni sog‘aytirsa, podshoh o‘shanga qizini beradi!.. Sog‘aytirolmasa, o‘ldiradi!
Тo‘g‘riboy jarchining orqasidan podshoh huzuriga boribdi va qizini boqib tuzatishga va’da beribdi. Podshoh Тo‘g‘riboyni qizining huzuriga boshlab kiribdi. Тo‘g‘riboy yonidagi yaproqni qizga ezib ichiribdi. Shu bilan qiz uch kun deganda sog‘ayib ketibdi. Podshoh qizini Тo‘g‘riboyga beribdi.
Podshoh Тo‘g‘riboydan so‘rabdi:
— Endi sizni qaysi shaharga hokim qilay?
Тo‘g‘riboy aytibdi:
— Menga hokimlik kerak emas. O‘rmon etagidagi tog‘ ustiga bir uy solib bersangiz, bas. Men o‘z mehnatim bilan kun kechiraman.
Podshoh uning aytganini qilibdi. Тo‘g‘riboy xotini bilan tog‘da yashabdi. Kunlardan bir kun tush vaqtida o‘zining qadimgi otini minib borayotgan hamrohi Egriboyga ko‘zi tushibdi. Uni chaqirib keltiribdi va yaxshilab ziyofat qilibdi. Egriboy:
— Do‘stim, — debdi, bunday baland joyga qanday qilib imorat solding? Uyli-joyli bo‘libsan, bularni qayerdan topding? Birovga xiyonat qilgan kishining qorni sira to‘ymas ekan. Sening otingni olib qochib, qayerga borsam, ishim chappasidan keldi. O‘shandan beri bir marta ham qornim nonga to‘yganini bilmayman.
Тo‘g‘riboy:
— Mana bu o‘rmon ichida bir tandir bor. Men o‘sha tandir ichida bir kecha yotib, bu narsalarga erishdim, — degan ekan, Egriboy:
— Sadag‘ang bo‘lay, menga ham ko‘rsatib qo‘y, men ham o‘sha tandirda bir kecha yotib chiqay, — debdi.
Тo‘g‘riboy uni boshlab borib, tandirni ko‘rsatibdi. Egriboy tandirga kirib yotibdi.
O‘rmon hayvonlari yana yig‘ilishibdi. Arslon podshoh:
— Mening afsonachi do‘stim tulki qayerda? — deb so‘rabdi.
Qashqir o‘rnidan turib shunday debdi:
— Afsona qursin: u kungi afsonaning kasofati bilan siz tulki do‘stingizdan, men tillali sichqonimdan ayrildim.
Uning ketidan ayiq o‘rnidan turib:
— Qayrag‘ochimizning yaproqlarini ham olib ketibdilar, — debdi.
Navbat bo‘riga kelganda, podshohga qarab debdi:
— Men oziq-ovqatimdan ajradim, cho‘pon men aytgan itni sotib oldi, tilka-poramni chiqazdi. Kaltak zarbidan a’zoyi-badanim shishib ketdi.
Arslon podshoh qovog‘ini solib turib, buyuribdi:
— Kim chaqimchi bo‘lsa, tutib o‘ldiring!
Qashqir tustovuqdan ko‘ribdi. Тustovuq: “Chaqimchi tandirda” deb uchib ketibdi. Hamma hayvonlar birdaniga tandirga yugurishib, uning ichida berkinib yotgan Egriboyni tutib olishibdi va “chaqimchining jazosi — shu!”, deb uni tilka-tilka qilib tashlashibdi.
Shunday qilib, Тo‘g‘riboy to‘g‘riligidan maqsadiga yetibdi. Egriboy esa egriligidan jazosini tortibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.