OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mehrigiyo

O‘tgan zamonda shuhrati olamga ketgan bir savdogar bo‘lgan ekan. Bu savdogarning olti yuz karvoni bor ekan. Ammo savdogar yetmish yoshga kirganida ham farzand ko‘rmabdi. Kunlarning birida o‘zining olti yuz karvonlarini to‘plab, farzandi yo‘qligini ularga gapirib, juda afsuslanib, dunyodan befarzand, nom-nishonsiz ketayotgani uchun xafa bo‘libdi. Shundan keyin savdogar boshqa yurtga savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanish uchun safarga jo‘nabdi. Bu vaqtda xotini homilador bo‘lib qolgan ekan. Bir qancha vaqt o‘tgandan so‘ng, savdogarning xotini o‘g‘il tug‘ibdi. O‘g‘lini 6 yoshga kirguncha hech kimga ko‘rsatmasdan tarbiyalabdi. Savdogar o‘z farzandini o‘qish uchun maktabga beribdi. Endi savdogar o‘z farzandining 12 yoshga kirganidan faxrlanib, savdo ishida o‘g‘lim o‘rnimni bossin, degan umidda ko‘p shaharlarga olib borib, mollarning sifati va oldi-sotdi ishlari bilan tanishtira boshlabdi. Kunlarning birida savdogar o‘z o‘g‘lini sinash uchun yosh karvonboshilardan 4 tasini unga qo‘shib, qo‘liga 40 tilla berib, bozorga jo‘natibdi. Bozorning bir chetida ko‘pgina odamlar to‘planishib turgan ekan. O‘g‘il ularning oldiga borsa, bir odam chiroyli bir kuchuk bolasini sotmoqchi bo‘lib ushlab turgan ekan. “Kuchuk necha pul”, deb so‘rasa, u kishi “40 tilla”, debdi. U 40 tillani berib, kuchuk bolani uyga olib kelibdi. Ota-onasi ertasiga yana 40 tilla beribdi. Bola pulni olib bozorga boribdi. Bozorda bir kishi mushuk bolasini ko‘tarib turgan ekan, uni ham sotib olibdi. Bolaning ota-onasi buni ko‘rib hayron bo‘libdi. Ertasi kuni unga yana 40 tilla berib, bozorga jo‘natishibdi. Bu safar bola ulfatlari bilan oshxonaga kiribdi. Oshxonada bolaga joy tegmay qolibdi. Burchakda bir sandiq turgan ekan, bola shuni olib kelib o‘tirmoqchi bo‘lib boribdi-da, sandiqni ochib ko‘ribdi. Sandiq qop-qog‘ini endigina ko‘targan ekan, birdaniga uning ichidan bir ilonning bolasi chiqib yigitning bo‘yniga o‘ralibdi. Shu payt bir lo‘li xotin dod-faryod solib, “Nega ilonimni chiqarib yubording”, deb yigitga yopishib ketibdi. Yigit:
— Ma, oladigan narsang shu-da, — deb qo‘lidagi qirq tillani haligi xotinga beribdi. Тasodifan ilonning bolasi tilga kirib:
— Ey, yigit, mendan qo‘rqma, men butun yirtqich jonivorlar podshosining yolg‘iz o‘g‘li bo‘laman, o‘ynab yurgan vaqtimda bu xotin meni tutib olib, mana shu sandiqqa solib qo‘ygan edi. Sen meni o‘limdan qutqarding, endi meni ota-onam oldiga olib borib qo‘yasan, — debdi.
Yigit hayron bo‘lib, maslahat qilish uchun ota-onasining oldiga kelibdi. Ota-onasi bu voqeadan tashvishga tushibdi va noiloj unga ruxsat beribdi. Yigit ilon bilan birga kuchuk va mushugini ergashtirib yo‘lga chiqibdi. Ular yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, yetti tog‘-u yetti qirdan oshib, uch oy deganda ilonlar vodiysiga yetib kelibdilar. Shunda ilon yigitga:
— Sen otamning oldiga 39 ta darvozadan o‘tib kirasan, yo‘lda yirtqich hayvonlardan qo‘rqma, men ”chir” desam, hammasi birga salom berishib, darvozalarni ochib qo‘yishadi, kirib ketaveramiz, — deb uqtirib qo‘ydi. Uning ota-onasi yolg‘iz farzandlarining dog‘ida kuyib, onasining ikki ko‘zi ham ko‘r bo‘lib qolgan ekan. Bolasi kelganini eshitgan ilonlar podshosi farzandi yo‘liga juda ko‘p kanizlari bilan peshvoz chiqib kutib olibdi. Shu vaqtda bolasini ko‘rgan ona ilonning ikki ko‘zi xursandchilikdan ochilib ketibdi. Ular yigitni qirq kecha-yu qirq kunduz mehmon qilibdilar. Yigit o‘z yurtiga qaytmoqchi bo‘lib, ilondan javob so‘rabdi. Shunda ilon yigitga qarab:
— Senga otam sovg‘alar beradi. Otam “Тila tilagingni”, deganda, “Menga hech narsa kerak emas”, deb javob berasan. Uchinchi martaba “Тila tilagingni”, deb so‘raganda: ”Тilingizning tagidagi mehrigiyoyingizni bering”, deysan. Shunda otam tili tagidagi mehrigiyosini senga beradi, bunda juda sir ko‘p. U boshingga mushkul ish tushsa, seni qut-qaradi, — debdi.
Bir-ikki kundan keyin ilonlar podshosi yigitga: “Тila tilagingni”, deganda, yigit: “Menga hech narsa kerak emas”, deb javob beribdi. Shoh ilon uchinchi marta undan so‘rabdi.
— Shohim, agar xo‘p desangiz menga tilingizning tagidagi mehrigiyoyingizni bering, agar yo‘q desangiz men unga ham xafa bo‘lmayman, — debdi. Shunda shoh ilon:
— O‘g‘lim, mayli, sen meni juda nozik joydan ushlading, men uni sendan ayamayman. Chunki sen menga yuragimning madori, ko‘rar ko‘zim, yolg‘iz farzandimni dushmanlar qo‘lidan qutqarib olib kelding. Bizga yaxshilik qilding. Ammo sen bu mehrigiyoni qo‘lingdan boy berib qo‘yma, uni sir saqla, bu seni har qanday mushkuldan omon qoldiradi, seni murod-maqsadingga yetkazadi. Ma, men senga mehrigiyoyimni berayin, — deb unga tili ostidagi mehrigiyosini beribdi va uning hamma sirlarini aytibdi. — Agar senga kerak bo‘lib qolsa: “Labbay tosh, men senga yo‘ldosh”, deb tilagingni tilasang, ko‘zingni yumib-ochguningcha xohlagan narsang tayyor bo‘ladi.
Ilon shoh yigit bilan xayrlashib, uni jo‘natibdi. Yigitga ular juda chiroyli qilib yasatilgan bir ot ham beribdilar. Yigit otni minib, mushuk va kuchukni ergashtirib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Juda ko‘p yo‘l yuribdi, nihoyat, madordan ketib, otdan tushib dam olay, deb turgan vaqtida birdaniga mehrigiyosi yodiga tushib qolibdi. U mehrigiyodan bir kosa suv bilan ikkita non so‘rabdi va ko‘zini yumib-ochsaki, non, suv tayyor turibdi. Bitta nonni teng bo‘lib, yarmini kuchukka, yarmini mushukka beribdi. Ikkinchi nonni teng bo‘lib, yarmini yarim kosa suv bilan o‘zi yeb, yarmini suv bilan otga beribdi. Damlarini olib, yana yo‘lga ravona bo‘libdilar. O‘n besh kunlik yo‘l yurganlaridan so‘ng yigit: “Endi yo‘lning qoq o‘rtasiga kelibman. Osmon yiroq, yer qattiq, qani, men shu yirtqich hayvonlarning aytganiga amal qilib boqay-chi, deb mehrigiyoga: “Labbay tosh, men senga yo‘ldosh, sen shu cho‘lni bo‘stonga aylantir, bu bo‘stonning o‘rtasidan juda katta daryo o‘tib tursin, daryoning qoq o‘rtasida esa, tagi daryoga tegmagan, balandligi osmonga yetmagan, marmar toshlar bilan tiklangan, ichidagi anjomlarni hech qanday inson ko‘rmagan bino bo‘lsin-u, binoning ichida husnda yer yuzida tengi yo‘q, dono bir Malika bo‘lsin. Malika bilan men parquvlarga yonboshlab yotib, noz-ne’matlar bilan choy ichib o‘tirgan bo‘lay”, debdi. Yigit ko‘zini yumib-ochsaki, o‘zining aytganidan ham ziyoda hamma narsa tayyor bo‘libdi. Yonida Malikasi qirq kanizaklari bilan ta’zim qilib, xizmat qilmoqda. Yigit bora-bora har kuni ovga chiqa boshlabdi.
Endi gapni Chin mamlakatining podshosidan eshiting. Chin mamlakatining podshosi har kuni ovga chiqar ekan, ov ovlashda bu podshoga hech kim teng kelolmas ekan, keyingi kunlarda podsho nazar solib yursa, bu savdogarvachcha yigit ovning eng yaxshilarini otar ekan-u, podsho esa mayda ovlarni otar ekan. Shunga qaramay, ikkalasi ham bir yerda ov qilishar ekan. Podsho bu savdogarvachchaning yaxshi ov qilganiga hasadi kelib, mamlakat odamlarini chaqirtiribdi va ovchi yigitning a’lo darajada ov qilish sirini bilib berishlarini buyuribdi, buning uchun u xalqqa bir kecha-yu bir kunduz muhlat berib: “Agar kimda-kim bu sirni bilib kelsa, to umrining oxirigacha oltin belanchakda qirq kanizakka tebrattirib parvarish qilaman, agar hech kim bila olmasa, hamma yoqni xonavayron qilib yuboraman”, debdi. Muddat tugay deb qolganda bir kampir podshoning oldiga kelib:
— Sizning xizmatingizni men bajargani keldim, — debdi. Podsho bu jodugardan xursand bo‘libdi. Kampir:
— Endi menga bir tuyaga zar yuklab, bir eshakka o‘zimni mindirib qo‘yasiz, men shunda bu sirni sizga bilib kelaman, — debdi. Podsho kampirning aytganlarini tayyorlab beribdi. Kampir yo‘lga ravona bo‘libdi, 48 kun deganda kampir yigitning eshigi oldiga kelib, bir tishini sug‘urib pichoq qilib, eshakning oyog‘iga sanchib-sanchib cho‘loq qilibdi, tuyani cho‘ktirib, uning og‘ziga ikkita sovunni solib, oq ko‘pigini oqizib, qo‘liga ro‘molchani olib, ko‘zidan oqqan yoshni artib o‘tiribdi. Bir kuni kanizlar chiqib, kampirni ko‘ribdilar va Malikaga kirib voqeani aytibdilar. Malika ham chiqib qarasa, bir kampir darvoza oldida yig‘lab o‘tiribdi. Malika kampirdan: “Nima bo‘ldi, ena, nega muncha yig‘lab o‘tiribsiz”, deb so‘rabdi. Kampir:
— Ey, bolam, men hajga ziyorat qilgani borgan edim, shu yerga kelganimda eshagimning oyog‘i sinib, tuyaning madori ketib, yiqildi; o‘zim esa birgina qizim bor edi, uni ko‘rarmikanman yoki ko‘chada qolarmikanman, deb yig‘lab o‘tiribman, — debdi. Malikaning kampirga rahmi kelib, uni uyiga olib kirib ketibdi. Kanizlar esa tuya va eshaklarga yem-suv bera boshlabdi. Kech kirganda yigit kelibdi va kampir bilan so‘rashibdi. Biroq u kampirning xosiyati yo‘q, jodugar kampir ekanligini sezib: “U mening Malikamni o‘g‘irlagani kelgan bo‘lsa kerak, ammo mening mehrigiyoyim bor, olib ketsa ham yo‘ldan qaytarib kelaman”, deb o‘ylabdi-da, beparvo yuraveribdi.
Kampir esa Malikaning oldiga kirib, “Bolam, kuyovingiz muncha ko‘p ov qilib keladi, hamma podshovachchalar hayron qolishsa kerak, qanday qilib ov qilishini bilasizmi?” deb so‘rabdi. Malika: “Yo‘q, enajon”, deb javob beribdi. Kampir Malikani aldab, erining yaxshi ov qilish sirini bilishga buyuribdi. Malika eri bilan o‘tirganda kampirning gapi yodiga tushib, birdan qovog‘ini solib, xafa bo‘lib qolibdi. Yigit Malikadan nima uchun xafa bo‘lganini so‘ragan ekan, Malika:
— Men siz bilan yetti yil birga umr kechirdim. Siz menga qanday qilib hammadan ko‘p ov qilishingizni aytmadingiz, — debdi. Yigit shunda Malikaning husn-jamoliga mahliyo bo‘lib, butun boshidan kechirganlarini va siri — mehrigiyosini ham aytib beribdi. Qiz mehrigiyoni ko‘rsating, deb qo‘ymabdi. Yigit Malikaga beribdi. Erta bilan mehrigiyoni esidan chiqib qoldiribdi-yu, yigit ovga chiqib ketibdi. Kampir Malikadan erining ov qilish sirini yana so‘rabdi. Malika mehrigiyoni qo‘lga olib, kampirga ko‘rsatibdi. Buni nima qilar ekan, bu oddiy tosh-ku, deb kampir hayron bo‘libdi. Shunda Malika: “Labbay tosh, men senga yo‘ldosh, meni tilagimga yetkaz”, desa, ko‘zni yumib-ochguncha, kishini murodiga yetkazar ekan, debdi. Kampir uni qo‘liga olib ko‘rishni so‘rabdi. Malika unga beribdi.
Kampir mehrigiyoni qo‘liga olib, “Labbay tosh, men senga yo‘ldosh, sen shu yerda turgan hamma narsani Chin mamlakati podshosining o‘rdasiga olib borib qo‘y,” debdi. Ko‘zini yumib-ochguncha Chin shahriga borib qolibdi. Podsho butun xalqini chaqirib, bu mo‘jizani ko‘rsatibdi. Kampirni esa oltin belanchakda tebratib, kanizaklarni unga xizmatkor qilibdi. Malika kampirdan o‘z erining nega kelmaganini so‘rabdi. Besh kundan so‘ng kampir Malikaga “Shu sening ering bo‘ladi”, deb podshoni ko‘rsatibdi. Malika dod-faryod qilib yig‘labdi. Podsho mehrigiyoni olganligiga xursand. Malika esiga ham kelmabdi. U ovqat vaqtida mehrigiyoni dasturxonning bir chekkasiga qo‘yib qo‘yar ekan.
Yigit ovdan qaytib kelsa, bog‘-rog‘i yo‘q, kuchugi bilan mushugi yig‘lab o‘tirar ekan. Yigit bu ishlarni ko‘rib, peshanasiga bir urib, qilgan ishiga ming pushaymonlar qilibdi. It bilan mushuk:
— E, aka, sen yig‘lab xafa bo‘lma, boshingga tushgan bu mushkul ishni biz yengillatamiz, — deyishib, Chin mamlakatiga jo‘nab ketibdilar. Chin mamlakatiga yetib kelganidan so‘ng podshoning uyiga mushuk kiribdi. Kuchuk esa Malikaning oldiga kirib akillabdi. Malika kuchukni tanibdi. Shu vaqtda podsho “tosh”ni dasturxonning chetiga olib qo‘yib ovqatlanayotgan ekan. Mushuk u yoq-bu yoqqa o‘tib turib “tosh”ni olib qochib, kuchukning oldiga kelibdi. Ular yo‘lda ketayotganlarida bir katta ko‘prik uchrabdi, kuchuk “Тoshni men olib o‘taman”, debdi. Mushuk kuchukdan qo‘rqqanidan unga beribdi. Yaqin joyda ovchilar baliq ovlab yurishgan ekan, kuchuk ovchilarga qarab hurigan ekan, tosh suvga tushib ketibdi. Baliq uni yutib yuboribdi. Ovchilar suvga to‘r solganlarida katta bir baliq ilinibdi. Ular baliqning qornini yorib, ichaklarini irg‘itib, tanasini olib ketibdilar. It bilan mushuk baliq ichaklarini titkilab, toshni topib olibdilar. Тoshni yigitga olib kelib beribdilar. Yigit xursand bo‘lib, kuchuk bilan mushukni quchoqlab o‘pib, mehrigiyoga “Labbay tosh, men senga yo‘ldosh, mening bog‘-rog‘imni shu yerdan qanday olib ketilgan bo‘lsa, o‘shanday holida qaytargin va ular bilan birga qirqta ot, qirqta xachir ham bo‘lsin”, debdi. Yigit ko‘zini ochib yumguncha aytganidan ham ziyoda uyi, Malikasi qirqta kanizi bilan paydo bo‘libdi. Jodugar kampir ham keltirilibdi. Yigit kampirning hamma gunohlarini bo‘yniga qo‘yib, uni qirqta ot, qirqta xachirning dumiga bog‘lab, cho‘l-biyobonga qaratib haydab yuboribdi. Yigit esa ota-onasining oldiga kelib, sog‘-salomat diydor ko‘rishibdi. Quchoqlashib, boshidan o‘tgan voqealarni bir-bir ota-onasiga bayon qilibdi, go‘zal Malika bilan birga yashab, davlatlari ziyoda bo‘lib murod-u maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.